
Saida Mirziyoyeva BMT Davlat xizmati forumida global islohotlar haqida so‘z yuritdi
23.06.2025 | 19:1539744
Samarqandda bo‘lib o‘tgan BMT Davlat xizmati forumida Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva ishtirok etib, O‘zbekistondagi raqamlashtirish, yoshlar va ayollar uchun imkoniyatlar hamda xalqaro hamkorlik istiqbollari haqida ma’ruza qildi.

Joriy yilning 22 iyun kuni Samarqand shahrida BMT Davlat xizmati forumi ish boshladi. Unda Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva ishtirok etib, O‘zbekiston nomidan xalqaro ishtirokchilarga Prezident Shavkat Mirziyoyevning samimiy tabriklarini yetkazdi.
Mirziyoyevaning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda davlat xizmati tizimi jadal isloh etilmoqda: raqamli davlat asoslari yaratilayotgani, iste’dodlarga sarmoya yo‘naltirilayotgani, ayniqsa, ayollar va yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani ta’kidlandi. U xalqaro hamkorlarga — Global Knowledge Hub kabi tashabbuslarga ishonch bildirganlari uchun minnatdorlik bildirdi.
Shuningdek, Samarqandda Xalqaro iqlim akademiyasini tashkil etish va Orol dengizi atrofini tiklash borasida fikr almashildi. Saida Mirziyoyeva jahondagi beqaror vaziyatda muloqot madaniyati va hamjihatlikni kuchaytirish dolzarb ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Uning ta’kidlashicha, BMT kabi maydonlar global muammolarga yechim topish uchun muhim platforma hisoblanadi va O‘zbekiston xalqaro tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi.
Forum doirasida Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibining iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha yordamchisi Navid Hanif bilan uchrashdi.
Suhbat davomida «O‘zbekiston–2030» strategiyasida ko‘zda tutilgan davlat boshqaruvi, raqamlashtirish va ekologik barqarorlikka oid masalalar muhokama qilindi. Tomonlar yoshlar va ayollar imkoniyatlarini kengaytirish, raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish va mutaxassislarni BMT loyihalariga jalb qilish borasida hamkorlik qilishga kelishib oldi.
Saida Mirziyoyeva BMTning Davlat xizmati bo‘yicha xalqaro komissiyasi rahbari Larbi Jakta bilan ham uchrashdi.
«Biz davlat xizmatchilarining ishini qanday qilib samaraliroq va zamonaviyroq qilish mumkinligi, qaysi xalqaro standartlarni joriy etish va xodimlarni qanday qo‘llab-quvvatlash kerakligi haqida suhbatlashdik», deyiladi xabarda.
O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi hamkorlik misli ko‘rilmagan yuksak darajada. Larbi Jakta bilan uchrashuv ana shu munosabatlarni qo‘llab-quvvatlash va birgalikdagi faoliyat uchun yangi istiqbollarni belgilash uchun ajoyib imkoniyat bo‘ldi.





