
Samarqand — Dushanbe aviareyslari 7 yildan so‘ng qayta yo‘lga qo‘yildi
21.07.2025 | 17:3029733
2018 yilda to‘xtatilgan Samarqand — Dushanbe — Samarqand yo‘nalishidagi muntazam parvozlar 2025 yil 20 iyuldan boshlab qayta tiklandi. Reyslar haftasiga ikki marta O‘zbekistonning Centrum Air aviakompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi havo qatnovi yanada kengaymoqda. 2025 yil 20 iyuldan boshlab Samarqand — Dushanbe — Samarqand yo‘nalishidagi muntazam aviareyslar qayta yo‘lga qo‘yildi. Mazkur reyslar 7 yillik tanaffusdan so‘ng qayta boshlandi.
Parvozlar payshanba va yakshanba kunlari Centrum Air aviakompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi. Aviachiptalar narxi 608 ming so‘mdan boshlanib, ularni kompaniyaning rasmiy sayti — Centrum-air.com yoki aviakassalar orqali xarid qilish mumkin.
Bu yo‘nalishdagi parvozlar ilk bor 2018 yil iyulida boshlangan, biroq bir oydan so‘ng, avgust oyida to‘xtatilgan edi. O‘shanda parvozlar Tajik Air aviakompaniyasining grafik yangilanishi bilan izohlangan, ammo reyslar qayta tiklanmagan.
Toshkent — Dushanbe — Toshkent yo‘nalishida ham 19 iyuldan boshlab reyslar boshlangan bo‘lib, ular chorshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi. Bu reysdagi aviachiptalar narxi 653 ming so‘mdan boshlanadi.
Aviareyslar 2018 yil 9 mart kuni Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida imzolangan havo qatnovi to‘g‘risidagi kelishuv asosida amalga oshirilmoqda. Shuningdek, Tojikiston hukumati 2025 yil iyun oyida «Ochiq osmon» siyosatiga o‘tish haqida qaror qabul qilgan.
Yangi siyosatga ko‘ra, xorijiy aviakompaniyalarga nisbatan ilgari amalda bo‘lgan reyslar soni va tariflar bo‘yicha cheklovlar bekor qilindi. Bu esa ikki davlat o‘rtasida aviasalohiyatni yanada oshirish imkonini beradi.





