add

Samarqandda chorva mollarida noma’lumligicha qolayotgan yuqumli kasallik tarqalishda davom etyapti

Bugun 18:003183 daqiqa

Avvalroq Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining rasmiy izohida qoramollarda yuqumli kasallik tarqalayotgani rad etilgandi. Biroq hududlarda aholi uchun noma’lumligicha qolayotgan yuqumli kasallik tarqalishda davom etyapti.

Samarqandda chorva mollarida noma’lumligicha qolayotgan yuqumli kasallik tarqalishda davom etyapti

Avvalroq ham Vaqt.uz nashri Samarqand viloyatida chorva mollari orasida nodulyar dermatit (teri kasalligi) tarqalayotgani va nobud bo‘lish holatlari ko‘paygani haqida material e’lon qilgan edi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda bu kasallik respublikaning boshqa hududlarida ham kuzatilayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ushbu xabarlar a chiqishlar ortidan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi matbuot kotibi Anvar Suyunov rasmiy izoh berib, bu xabarlarni «yolg‘on va uydirma», degan edi.

Ammo Vaqt.uz’ga ma’lum qilinishicha, bu kasallik chorva mollari orasida hamon tarqalmoqda. Kasallikka chalingan qoramollarni davolatishga katta mablag‘ sarflanyapti. Hatto qoramollarning nobud bo‘lish holatlari ham kuzatilmoqda.

dermatit 02

«Yaqinda katta sigirim kasal bo‘ldi. Ko‘p pul sarflab ikki haftalar deganda zo‘rg‘a oyoqqa turg‘izib olganimizda, kichkina buzoqchasi ham shunaqa kasal bo‘lib qoldi. Endi uni davolatyapmiz», deydi aholi vakillaridan biri.

Samarqand viloyati Ishtixon tumanida yashovchi aholining ta’kidlashicha, qoramollar dermatit bilan birga oqsim kasalligiga ham chalinmoqda. Hatto oqsil kasalligi uchun ham yoppasiga majburiy tartibda emlash ishlari olib borilgani yo‘q.

Aytilishicha, yaylovlarda boqiladigan chorva mollari sonida ham bir necha oy avvalgiga nisbatan anchayin kamayish kuzatilmoqda.

«Veterinarlarni davolatish uchun chaqiramiz desak, deyarli hammasi band. Qishloqlarda kasal qoramollar ko‘payib ketgan. Boshqa qishloqlarda yashaydigan qarindoshlarimiz ham kasallik tarqalayotganini aytishyapti», deydi fuqarolardan biri.

Bunday yuqumli kasalliklar keng tarqalayotgan paytda ham qoramollar so‘yilib, go‘sht mahsulotlari aholiga sotilishi va buning ustidan hech qanday nazorat o‘rnatilmayotgani tabiiy e’tirozlarga sabab bo‘ladi.

dermatit 03

«Veterinariya to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, idoraviy veterinariya xizmati mutaxassislari ham, xususiy veterinariya faoliyatini amalga oshiruvchilar ham hayvonlarda yuqumli kasallik borligida shubha bo‘lganda, bu haqda davlat veterinariya xizmatiga zudlik bilan xabar qilishi va kasallik doirasi kengayib ketmasligi uchun barcha zarur chora-tadbirlarni ko‘rishi lozim. Ammo yuqorida keltirib o‘tilgan hududlarda faoliyat olib borayotgan veterinarlar yo kasallik haqida tegishli tashkilotlarga xabar berishmayapti, yo mas’ul idoralar bunga jiddiy qaramayapti.

Shuningdek, «Veterinariya to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasi 10-bandida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi veterinar osoyishtalikni ta’minlash, hayvonlar yuqumli kasalliklarini erta aniqlash, ularga tashxis qo‘yish va ular tarqalishining oldini olishga doir profilaktika ishlarining samaradorligi yuzasidan monitoringni amalga oshirishi belgilab qo‘yilgan. Lekin qo‘mita va uning hududiy boshqarmalari tomonidan aholi uchun noma’lumligicha qolayotgan yuqumli kasallikning oldini olish bo‘yicha hech qanday chora-tadbir amalga oshirilgani yo‘q.

E’tiborli jihati shundaki, qo‘mita matbuot kotibining rasmiy munosabatida chorva mollarida nodulyar dermatit tarqalgani rad etilgan. Lekin chorva mollarida kuzatilayotgani nodulyar dermatit bo‘lmasa, unda qanday kasallik ekanligi haqida ham izoh berilmagan.

Hududlarda esa chorvalar kasallanishda davom etmoqda.

Teglar

Murodbek Haydarov

Murodbek HaydarovMaqolalar soni: 69

Barchasi

Mavzuga oid