
Qoramollarda «Nodulyar dermatit» tarqalgani haqidagi xabarga rasmiy izoh berildi
Veterinariya va chorvachilik qo‘mitasi chorvadorlar kasallik avj olayotganini aytgan, jurnalist o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan holatni Veterinariya va chorvachilik qo‘mitasi «uydirma xabar» deb atadi.

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda qoramollar orasida «Nodulyar dermatit» (to‘qimali yoki tugunli teri yallig‘lanishi) kasalligi keng tarqalayotgani haqida turli xabarlar tarqalmoqda. Ularda ayni paytda mamlakat bo‘ylab chorva mollariga qarshi ommaviy emlash boshlangani, mazkur kasallik yuqumli bo‘lib, xatto o‘lim holatlariga sabab bo‘lishi mumkinligi ta’kidlangan.
Mazkur xabarlar yuzasidan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi matbuot kotibi Anvar Suyunov rasmiy izoh berdi. Bu haqda O‘zA yozmoqda.
«Avvalo, bunday xabarlarga jiddiy e’tibor bilan yondashish kerak. Ularning hech biri aniq dalillar bilan tasdiqlanmagan — ya’ni qaysi viloyatda, qaysi tumanda yoki kimning moli kasallangani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Bu — yolg‘on va uydirma xabar», - degan Anvar Suyunov.
Qo‘mita vakilining ta’kidlashicha, ayrim tadbirkorlar bunday xabarlar orqali shaxsiy manfaat ko‘zlaydi. Ular, asosan, veterinariya dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar bo‘lib, muddati tugab borayotgan dori vositalarini sotish maqsadida «kasallik tarqaldi» degan xabarlarni ataylab yoyishadi.
«Ba’zi tadbirkorlar qolib ketgan dori vositalarini sotish uchun ijtimoiy tarmoqlarda vahima ko‘taradi. Keyin esa o‘z vet-aptekalari orqali «samarali dori vositalari bor» degan reklama bilan ularni sotishga harakat qiladi. Aslida bu — iqtisodiy manfaat yo‘lida yuritilayotgan informatsion bulling», — deya qayd etdi Qo‘mita vakili.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston hududida «Nodulyar dermatit» kasalligi qayd etilmagan, respublika bo‘ylab epizootik vaziyat barqaror hisoblanadi.
«Hozirgi kunda mamlakatimizda «Nodulyar dermatit» kasalligi mavjud emas va hech qanday epidemik holat aniqlanmagan. Ilgari gumon qilingan holatlar bo‘yicha ham tekshiruvlar o‘tkazilgan. Mollardan olingan qon, so‘lak, axlat va teri namunalari laboratoriya tahlillarida tekshirilganda, “Nodulyar dermatit” belgilari tasdiqlanmagan. Fuqarolardan shunday yolg‘on xabarlarga ishonmaslikni va faqat rasmiy axborot manbalarini kuzatib borishni so‘raymiz», — degan Anvar Suyunov.
Anvar Suyunuvga ko‘ra, mazkur kasallik, asosan, issiq ob-havo sharoitida chivinlar faolligi orqali tarqalishi mumkin.
Avvalroq, Vaqt.uz samarqandlik chorvador bo‘rdoqiga boqayotgan mollari orasida dermatit bilan ommaviy kasallanish holati kuzatilgani, ularni davolatishga katta summa sarflagani haqida gapirgandi. O‘shanda ham Anvar Suyunov holatni «asossiz» deb atagandi.
Oktyabr oyinining so‘nggi kunlarida Samraqandagi qishloqda bo‘lib, voqeani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan Vaqt.uz jurnalisti rostdan ham chorva mollarida shunga o‘xshash kasallik tarqalganining guvohi bo‘ldi. Xususan u borgan qishloqda ham boqilayotgan ho‘kizlar, so‘yilib, kolbasa sexiga yuborilgan.





