
Samarqandda qopda jasad olib ketayotgan shaxslar ushlandi
20.09.2025 | 13:302703
Ularning aytishicha, jasad pochchasiga tegishli bo‘lib, uyida o‘lib qolgani uchun ko‘mmoqchi bo‘lishgan.

Samarqand shahrida bir erkak va bir ayol odam jasadini qopqa solib, aravada olib ketayotgan paytda qo‘lga olindi Bu haqda Mahalla telekanali xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 24 avgust kuni Samarqand shahrining «Navbog‘chiyon» va «Bo‘ston» mahallalari raislari hududni aylanish jarayonida ikki shaxsning shubhali harakatlarini payqagan. Ular bolalar aravasida, yelim idishlar orasida qop yashirib, qabristonga yo‘nalgan erkak va ayolni to‘xtatishgan.
Tekshiruv jarayonida qop ichida odam jasadi borligi ma’lum bo‘ldi. Hodisa haqida ichki ishlar organlariga zudlik bilan xabar berildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, jasadni olib ketayotgan erkak bu uning pochchasiga tegishli ekanini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, marhum uyiga kelgan paytida vafot etgan va shu bois ko‘mmoqchi bo‘lgan.
Ichki ishlar xodimlari voqea joyiga yetib borib, jasad bilan bog‘liq holatni rasmiylashtirdi. Jinoyatning asl sabablari va gumondorlarga qanday jazo belgilanishi haqida ma’lumot berilmagan.
Ichki ishlar vazirligi ma’lum qilishicha, holatni vaqtida fosh etgan mahalla raislari Adham Rahimov va A’zam Ostonqulov «hushyorligi hamda tezkorligi uchun» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.





