
Saudiya Arabistoni mudofaa vaziri Tramp bilan yashirincha uchrashdi
04.07.2025 | 13:2034514
AQSH prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistoni mudofaa vaziri bilan Eron va G‘azodagi vaziyatni muhokama qildi. Saudiyaning uchrashuvdan keyingi harakatlari esa e’tiborli bo‘ldi.

3 iyul kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistoni mudofaa vaziri shahzoda Xolid bin Salmon bilan yashirincha uchrashuv o‘tkazdi. Axios nashrining manbalariga ko‘ra, muzokaralarda Eron bilan bog‘liq vaziyat, G‘azodagi urushni to‘xtatish, HAMAS garovida qolganlarni ozod qilish va mintaqaviy xavfsizlik masalalari muhokama qilingan.
Uchrashuv Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning 7 iyul kuni Oq uyga tashrifidan oldin tashkil etilgan. Tramp ma’muriyati yaqin oylarda Saudiya va Isroil o‘rtasida tarixiy tinchlik bitimi tuzilishini ko‘zlayotgani aytilmoqda.
Muzokaradan so‘ng Saudiya tashqi ishlar vaziri Eron bosh shtabi rahbari Abdurrahim Musaviy bilan telefon orqali muloqot qildi. U mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash choralari muhokama qilinganini ma’lum qildi.
Tramp ma’muriyatining maxsus vakili Stiv Uitkof esa kelasi hafta Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiy bilan yadroviy muzokaralarni qayta boshlash bo‘yicha uchrashishini bildirdi. Tramp avvalgi bayonotlarida Eron AQSH bilan muzokaraga tayyor ekanini ta’kidlagan edi.
Manbalarga ko‘ra, 12 kunlik urush vaqtida Saudiya Eron tomonidan Isroilga uchirilgan dronlarni to‘xtatish operatsiyalarida ishtirok etgan. Saudiya hududida, jumladan Iroq va Iordaniya osmonida dronlarni to‘xtatuvchi vertolyotlar joylashtirilgan. Ba’zi dronlar Isroilga yetib borishi mumkin edi, ammo Saudiya suverenitetiga tahdidni oldini olish uchun ular oldinroq yo‘q qilingan.
Saudiya rasmiylari hozircha bu operatsiyada qatnashganini rasman tasdiqlagan emas. Shu bilan birga, Saudiya Eron hududiga qilingan Isroil zarbalarini qoralagan va o‘z havo hududidan bunday zarbalar uchun foydalanishga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlagan.
Saudiya Arabistoni AQSHda ishlab chiqarilgan zamonaviy qurollar va havo mudofaa tizimlariga ega. Donald Trampning birinchi prezidentlik davrida Saudiya bilan katta harbiy bitim imzolangan va bu hamkorlik keyinchalik kengaytirilgan.





