
Serbiyada akustik qurol mashmashasi: Putin ayg‘oqchilari ishtirokida itlar ustida sinov o‘tkazilgan
Serbiya razvedka xizmati Rossiya Federal xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda itlar ustida «tovush to‘plari»ni sinovdan o‘tkazgani fosh bo‘ldi.

Serbiya xavfsizlik idoralari va Rossiya maxsus xizmatlari Belgradda itlar ustida «tovush to‘plari» deb ataladigan uzoq masofali akustik qurilmalarni (LRAD) sinovdan o‘tkazgan. Bu haqda Politico nashri o‘z ixtiyoridagi hukumat hujjatlariga tayanib xabar berdi.
Ushbu sinovlar Serbiya poytaxtida hukumatga qarshi o‘tkazilgan ommaviy namoyishlar paytida odamlarga nisbatan noma’lum ovozli hujum uyushtirilganidan ikki hafta o‘tib amalga oshirilgan.
Sinovlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — namoyishchilarda kuzatilgan ko‘ngil aynishi, bosh og‘rig‘i va muvozanat yo‘qolishi kabi alomatlarning ushbu qurilmalar ta’sirida yuzaga kelishi mumkin yoki yo‘qligini tekshirish bo‘lgan.
Sinov jarayonida itlar nishon sifatida tanlanishiga ularning ovoz to‘lqinlariga o‘ta sezuvchanligi sabab bo‘lgan. Maxfiy hisobotlarga ko‘ra, AQSHning «Genasys» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan qurilmalardan 200 metrdan 25 metrgacha bo‘lgan masofalarda jonivorlarga zarba berilgan. Ushbu modellar 150 detsibellgacha shovqin chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, bu ko‘rsatkich havoga ko‘tarilayotgan reaktiv samolyot dvigatelining ovoziga teng.
Serbiya Qishloq xo‘jaligi vazirligi esa itlar ustida bunday tajribalar o‘tkazish uchun hech qanday rasmiy ruxsat bermaganini ma’lum qilgan. Mamlakat qonunchiligiga ko‘ra, harbiy texnika va qurol-yarog‘larni sinovdan o‘tkazishda hayvonlardan foydalanish qat’iyan taqiqlangan.
Rossiya FXX vakillari tomonidan tayyorlangan yakuniy xulosada esa sinov o‘tkazilgan itlarda hech qanday nojo‘ya o‘zgarishlar kuzatilmagani va ularning ahvoli yaxshi ekani iddao qilingan.
Serbiyalik muxolifatchi siyosatchi Radomir Lazovich Aleksandr Vuchichni mart oyidagi namoyishlarda o‘z xalqiga qarshi tovush to‘plari qo‘llaganini yashirishga qaratilgan kampaniya olib borayotganlikda ayblagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, minglab odamlar namoyishlar paytida ushbu qurolning og‘riqli ta’sirini o‘z tanasida his qilgan.





