add

Shavkat Mirziyoyev yozgan maqola, voyaga yetmaganlar uchun bank kartasi va rieltorlikka doir milliy standart — 13-noyabr dayjesti

Bugun 22:201354

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Shavkat Mirziyoyev yozgan maqola, voyaga yetmaganlar uchun bank kartasi va rieltorlikka doir milliy standart — 13-noyabr dayjesti

Toshkentga 17-noyabrgacha yuk mashinalari kiritilmaydi

Ichki ishlar vazirligi ma’lumoticha, Toshkent shahrida 14–17-noyabr kunlari xalqaro tadbirlar o‘tkazilishi munosabati bilan yuk tashuvchi transport vositalari harakati vaqtincha to‘xtatiladi. Bu muddatda poytaxtga hududlardan kiruvchi yuk mashinalari kiritilmaydi va shahar markazida ularning harakatlanishi taqiqlanadi. Cheklovlar davomida ayrim yo‘llar vaqt-vaqti bilan yopilib, harakat yo‘nalishlari o‘zgartiriladi.

Xususan, 15-noyabr kuni Abdulla Qodiriy, Qorasaroy va Zarqaynar ko‘chalari kesishmalari, 16-noyabrda esa Islom Karimov, Furqat, Botir Zokirov hamda Olmazor ko‘chalarining ayrim qismlari vaqtincha yopiladi. Haydovchilarga harakatni Sebzor, Nurafshon va kichik halqa yo‘li orqali amalga oshirish tavsiya etilgan. Vodiydan vohaga yo‘nalgan transport harakati D-012 avtomagistrali orqali yo‘naltiriladi. Cheklovlar 17-noyabr kunigacha amal qiladi.

Endilikda voyaga yetmagan shaxslar ham bank kartasi ochishi mumkin

Adliya vazirligi bank kartalarining chiqarilishi va muomalada bo‘lishi qoidalariga o‘zgartish kiritdi. Endi 14–18 yoshli voyaga yetmagan shaxslar mustaqil ravishda tijorat banklarida bank kartasi ochishi mumkin, 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar esa ota-onasidan biri yoki qonuniy vakilining yozma roziligi bilan kartadan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Bu o‘zgarishlar yoshlar uchun moliyaviy xizmatlarga kengroq kirish imkonini yaratadi.

Shuningdek, hujjatda yangi turdagi bank kartalari joriy etildi. Jumladan, “biznes bank kartasi” yakka tartibdagi tadbirkorlar yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga o‘z hisobvarag‘idagi mablag‘larni boshqarish imkonini beradi, «ijtimoiy bank kartasi» esa ijtimoiy to‘lovlar va nafaqalarni boshqarish uchun mo‘ljallangan. Shu bilan birga, yuridik shaxslar endilikda ichimlik va oqova suv xizmatlariga to‘lovlarni korporativ kartalar orqali amalga oshirish imkoniga ega bo‘ladi.

Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida — Shavkat Mirziyoyev

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Yangi O‘zbekiston» gazetasidagi maqolasida Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch va umumiy taraqqiyotga qaratilgan yangi siyosiy davr boshlanganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, 2017 yildan buyon mamlakatlar yetakchilari tashqi vositachilarsiz yo‘lga qo‘ygan ochiq muloqot natijasida chegara masalalari hal etilmoqda, qo‘shma suv-energetika loyihalari yo‘lga qo‘yilmoqda, xususan Qambarota GES-1 va Bahri Tojik suv omboridan foydalanish bo‘yicha kelishuvlar yangi ishonch muhitining amaldagi namunasiga aylangan. So‘nggi sakkiz yilda mintaqaning YAIMi 520 mlrd dollargacha o‘sgani, o‘zaro savdo va investitsiyalar bir necha barobar oshgani ham integratsiya jarayoni kuchayganini ko‘rsatadi.

Mirziyoyev Markaziy Osiyoning xalqaro sheriklari — YI, Xitoy, Rossiya, AQSH bilan «Markaziy Osiyo plyus» formatlari orqali muloqot yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ta’kidladi. U Afg‘onistonni mintaqaviy jarayonlarga jalb qilish va Transafg‘on temir yo‘lini qurish barqarorlik uchun muhim ekanini qayd etdi. Prezident mintaqaviy hamkorlikning kelgusi ustuvor yo‘nalishlarini ham belgiladi: institutsional integratsiyani kuchaytirish, xavfsizlik bo‘yicha umumiy mexanizmlar yaratish, ichki savdo va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, suv va iqlim masalalarida birgalikda harakat qilish, gumanitar aloqalarni rivojlantirish. Unga ko‘ra, bu jarayonlar «Yangi Markaziy Osiyo»ni tinchlik va barqaror rivojlanish makoniga aylantiradi.

O‘zbekistonda bank kartalari soni 65 milliondan oshdi: «Xalq banki» yetakchi

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 1-noyabr holatida O‘zbekistonda muomaladagi bank kartalari soni 65 million donanidan oshdi. Eng ko‘p kartaga ega bank — 10,4 million karta bilan «Xalq banki», biroq uning ko‘rsatkichi yil boshidan beri 2 millionga kamaygan. «Agrobank» 6,6 million karta bilan ikkinchi o‘ringa ko‘tarilgan (yil davomida +1,2 mln), «Ipoteka bank» esa 5,2 million kartaga yetib, 600 minglik o‘sish qayd etgan. Raqamli to‘lov segmentida «Milliy bank», «TBC Bank», «Uzum Bank» va «Hamkorbank» ham faollik ko‘rsatmoqda.

To‘lov infratuzilmasi ham kengayayotgan: «Hamkorbank» 51 mingdan ortiq terminal bilan yetakchilik qilmoqda, ortidan «Milliy bank» va «Xalq banki» ergashmoqda. Yanvar–oktabr oylarida terminallar orqali 359,9 trln so‘mlik tushum amalga oshirilgan, shundan eng katta ulush — 43,6 trln so‘m «Aloqabank» hissasiga to‘g‘ri keladi. Bankomat va infokiosklar soni bo‘yicha esa to‘lov tashkilotlari yetakchi bo‘lib, «Xalq banki» va «Agrobank» ham infratuzilmada faol ishtirok etmoqda.

Rieltorlikka doir yangi milliy standart rasman tasdiqlandi

Adliya vazirligi rieltorlik sohasi uchun muhim yangi hujjatni — «Ko‘chmas mulk ob’ektlarini ishonchli boshqarish»ga oid 4-son Milliy standartni rasman tasdiqladi. U rieltorlik tashkilotlariga ijara, ta’mirlash, texnik xizmat ko‘rsatish, moliyaviy boshqaruv kabi xizmatlarni mulkdor manfaatlarini inobatga olgan holda professional tarzda amalga oshirish talablarini belgilaydi. Standartda ishonchli boshqaruvning tashkiliy asoslari, shartnoma tuzish tartibi, huquq va majburiyatlar hamda shffoflik mezonlari aniq ko‘rsatilgan.

Eng muhim talab — bu xizmatni faqat malakali xodimlarga ega, rieltorlar etika kodeksiga rioya qiluvchi tashkilotlargina ko‘rsata oladi. Mazkur qoida bozordagi noqonuniy va past sifatli xizmatlarni cheklashga qaratilgan. Yangilangan standart ko‘chmas mulk bozorining barqaror rivojlanishi, mulkdorlar huquqlarining himoyasi va rieltorlik xizmatlari sifatini oshirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Shavkat Mirziyoyev yozgan maqola, voyaga yetmaganlar uchun bank kartasi va rieltorlikka doir milliy standart — 13-noyabr dayjesti | Vaqt.uz