Shavkat Mirziyoyevning Bishkekka amaliy tashrifi yakunlandi
O‘zbekiston prezidenti SHHT sammitida ishtirok etib, sanoat kooperatsiyasi, transport, sun’iy intellekt, xavfsizlik va «SHHT plyus» formati bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.
© president.uzO‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Bishkek shahriga amaliy tashrifi yakunlandi.
Tashrifning asosiy voqeasi Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining yubiley yig‘ilishidagi ishtirok bo‘ldi. Sammitda SHHTning 25 yillik taraqqiyot yo‘li sarhisob qilinib, tashkilot doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Shavkat Mirziyoyev sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, transport aloqalarini rivojlantirish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni joriy etish, shuningdek, oziq-ovqat, suv va energetika xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Yig‘ilish yakunida Bishkek deklaratsiyasi hamda asosiy yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan bir qator muhim hujjatlar qabul qilindi.
«SHHT plyus» doirasida ham takliflar bildirildi
O‘zbekiston yetakchisi BMTning adolatli ko‘p qutbli dunyo tartibotini shakllantirishdagi roliga bag‘ishlangan «SHHT plyus» formatidagi uchrashuvda ham nutq so‘zladi.
Prezident BMTning markaziy va muvofiqlashtiruvchi rolini saqlab qolish muhimligini ta’kidlab, «SHHT plyus»ni mintaqalararo muloqot maydoni sifatida rivojlantirish zarurligini qayd etdi.
Tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Shuningdek, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish hamda AQSH prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serdjio Gor bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Bishkekda davlat rahbari rafiqasi bilan birga VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida ham ishtirok etdi.
Tadbirlar yakuniga yetgach, «Manas» xalqaro aeroportida O‘zbekiston prezidenti va rafiqasini Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisi — Prezident Administratsiyasi rahbari Adilbek Qosimaliyev va boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ydi.
Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahriga qaytib keldi.





