O‘zbekistonning «Smart Forestry» va suv tizimlariga hujum: Mintaqaviy kiberxavf ortida kim turibdi?
Kiberxavfsizlik mutaxassislari Qozog‘istonda joylashgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan «Silent Lynx» xakerlar guruhi Rossiyaning Orsk neftni qayta ishlash zavodi va Nijniy Novgorod shahar hukumati tarmog‘iga hujum uyushtirganini ma’lum qildi. Tadqiqotchilar Markaziy Osiyodagi bir qator davlat tashkilotlariga nisbatan ham kiberrazvedka faoliyati olib borilganini aniqlashgan.
© Ijtimoiy tarmoqlar«Cisco Talos» va «Recorded Future» kiberxavfsizlik kompaniyalari mutaxassislari «Silent Lynx» xakerlik guruhining Markaziy Osiyo va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) mamlakatlaridagi faoliyatini o‘rganib chiqdi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, guruh Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodini nishonga olgani hamda Nijniy Novgorod shahar hukumati tarmog‘iga buzib kirgani bo‘yicha dalillar topilgan.
«Reuters» agentligining 2026 yil 14-oktabrdagi xabariga ko‘ra, mutaxassislar ushbu guruh Qozog‘istonda joylashgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Biroq mazkur xulosa faqat texnik belgilar va faoliyat xususiyatlariga asoslangan. Ya’ni, xakerlarning Qozog‘iston davlat organlari tomonidan boshqarilishi yoki ularning topshirig‘i asosida ishlashi o‘z tasdig‘ini topmagan.
Qaysi obyektlar nishonga olingan?
Tadqiqotchilar e’tibor qaratgan obyektlardan biri Rossiyaning Orenburg viloyati Orsk shahrida joylashgan «Orsknefteorgsintez» neftni qayta ishlash zavodidir. Mutaxassislarning aniqlashicha, guruh ushbu korxonaga oid ma’lumotlardan foydalanib, hujum uchun maxsus hujjat tayyorlagan.
Xususan, 2025 yil avgust oyida yaratilgan zararli dastur namunasida Turkmanistonning «Turkmannebit» davlat kompaniyasi va Orsk zavodi rahbariyati o‘rtasidagi tijoriy taklif ko‘rinishidagi soxta hujjatdan foydalanilgan. Tadqiqotchilarning fikricha, bunday hujjat tanlangani xakerlarning Rossiya energetika infratuzilmasiga qiziqishi yuqori ekanini ko‘rsatadi.
Navbatdagi nishon — Moskvadan taxminan 425 kilometr sharqda joylashgan Nijniy Novgorod shahri hukumati tarmog‘i bo‘lgan. «Reuters» xabarida tadqiqotchilar ushbu tarmoqqa buzib kirilganini isbotlovchi dalillar topgani qayd etilgan.
Texnik hisobotda keltirilishicha, shahar hukumatiga tegishli IP-manzil 2025 yil yanvar oyidan boshlab «Silent Lynx» serveri bilan, shu yil iyul oyi oxiridan keyin esa qo‘shimcha infratuzilmalar bilan ham aloqaga chiqqan. Tadqiqotchilar bu holatni xakerlarning mintaqadagi suv resurslari va ekologik boshqaruvga mas’ul tashkilotlarga bo‘lgan qiziqishi bilan izohlamoqda.
Nega xakerlar Qozog‘iston bilan bog‘lanmoqda?
Tadqiqotchilarning Qozog‘istonga oid taxminlari bir nechta texnik belgilarga asoslanadi. «Cisco Talos» bu guruhni «UAT-6275», «Recorded Future» esa «TAG-193» nomi bilan kuzatib keladi. «Silent Lynx» nomi esa avvalgi tadqiqotlarda ham qo‘llanilgan. «Cisco Talos» guruhning Qozog‘istonga aloqadorligini «o‘rtacha ishonch darajasi» bilan baholagan.
Mutaxassislar keltirgan belgilar qatorida quyidagilar bor:
· Ayrim zararli dastur namunalari yaratilganidan so‘ng ko‘p o‘tmay, Qozog‘iston hududidan «VirusTotal» platformasiga yuborilgan. Masalan, namunalardan biri 86 soniya, boshqasi esa taxminan to‘rt daqiqadan keyin yuklangan.
· Guruhga aloqador «GitHub» repozitoriysida amalga oshirilgan 77 ta o‘zgarishdan 73 tasi (95 foizi) Ostona vaqti bilan ish kunining 09:00–18:00 oralig‘iga to‘g‘ri kelgan. Moskva vaqti bilan solishtirganda esa, bu oraliqqa 77 ta o‘zgarishdan faqat 39 tasi (51 foizi) to‘g‘ri keladi.
· Zararli dasturlar va ularning texnik izlarida rus tiliga oid belgilar, shuningdek, tizimlarning Qozog‘istonda amalda bo‘lgan vaqt mintaqasiga mos tarzda ishlaganini ko‘rsatuvchi alomatlar kuzatilgan.
Tadqiqotchilar mazkur belgilarni umumlashtirib, guruh Qozog‘istonda joylashgan bo‘lishi mumkin degan xulosaga kelishgan.
O‘zbekistonning «Smart Forestry» tizimi ham tilga olingan
Tadqiqot hisobotida O‘zbekistonga oid ma’lumotlar ham o‘rin olgan. Mutaxassislarning kuzatishicha, 2026 yil 20-maydan boshlab mamlakatdagi «Smart Forestry» loyihasiga tegishli IP-manzil «Silent Lynx» guruhiga qarashli «Ligolo» serveri bilan TCP protokoli orqali aloqa o‘rnatgan. 21–26-may kunlari esa xuddi shu IP-manzil guruhga aloqador boshqa server bilan ham bog‘langani qayd etilgan.
«Smart Forestry» — davlat o‘rmon fondiga oid ma’lumotlarni geofazoviy ma’lumotlar asosida yig‘ish, qayta ishlash, saqlash va taqdim etishga mo‘ljallangan raqamli tizim hisoblanadi. Undan o‘rmon xo‘jaligini boshqarish va ekologik vaziyatni monitoring qilishda foydalaniladi.
«Cisco» va «Recorded Future» hisobotidagi tarmoq aloqalari xakerlar e’tibori «Smart Forestry» infratuzilmasiga qaratilganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, tadqiqotchilar 2024 yil sentabridan 2025 yil martigacha kuzatilgan avvalgi kiberhujumlar haqidagi ma’lumotlarni ham o‘rganib chiqishgan. Ularda Sirdaryo va Amudaryo havzalaridagi suv infratuzilmalari, ilmiy muassasalar va davlat tashkilotlari nishonga olingani qayd etilgan. Hisobotda tasdiqlangan jabrlanuvchilar qatorida Qirg‘izistonning gidroenergetika va suv resurslari operatorlari, O‘zbekistondagi viloyat hokimliklari hamda Suv xo‘jaligi vazirligi, shuningdek, Tojikiston Energetika va suv resurslari vazirligi nomi keltirilgan.
Xakerlar hujumlarda qanday usullardan foydalangan?
Tadqiqotchilar «Silent Lynx» guruhi asosan maqsadli fishing usulidan foydalanishini aniqladi. Bunda nishonga olingan shaxslarga muhim rasmiy hujjat yoki tijoriy taklif ko‘rinishidagi elektron xatlar yuboriladi. Xatdagi zararli ilova ochilishi bilan komputerga virus o‘rnashib oladi.
Guruh ba’zan davlat tashkilotlarining buzib kirilgan elektron pochta manzillaridan ham foydalangan. Shuningdek, zararli skript va fayllarni «GitHub» kabi ommaviy platformalarga joylashtirish holatlari ham kuzatilgan. Bunday usullar zararli materiallarni oddiy xizmat yozishmalari yoki rasmiy hujjatlar orasiga yashirishda qo‘l keladi.
«Cisco Talos» 2025 yil iyun oyidan 2026 yil avgustigacha bo‘lgan davrda zararli dasturlarni tarqatishning to‘rtta usulini aniqlagan. Bular sirasiga makroslar biriktirilgan hujjatlar, «PowerShell» skriptlarini ishga tushiruvchi fayllar, «GitHub» orqali tarqatiladigan skriptlar hamda «WinRAR» dasturidagi «CVE-2025-8088» zaifligidan foydalanuvchi arxivlar kiradi.
Mutaxassislar 2026 yil aprel oyida «WinRAR» zaifligidan foydalanish holatini mazkur guruh faoliyatidagi yangi usul sifatida qayd etishgan. Bunda zararli dastur «Windows»ning «Startup» papkasiga joylashtiriladi va foydalanuvchi tizimga qayta kirganida fayl avtomatik ravishda ishga tushadi.
Orsk zavodi avval ham hujumga uchragan
«Orsknefteorgsintez» zavodi 2026 yil avgust oyida Ukraina dronlari hujumiga uchrab, o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Orenburg viloyati gubernatori Yevgeniy Solnsev uskunalarga yetkazilgan shikast tufayli ta’mirlash ishlari olti oygacha cho‘zilishi mumkinligini bildirgan.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, mazkur zavod yiliga 6 million tonna xom neftni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lib, benzin, dizel yoqilg‘isi, aviatsiya yoqilg‘isi, mazut va bitum kabi mahsulotlarni ishlab chiqaradi.
Biroq avgust oyidagi dron hujumi hamda «Silent Lynx» guruhining kiberhujumlari o‘rtasida bevosita bog‘liqlik borligi haqida ma’lumot yo‘q. Tadqiqotchilar neft zavodiga oid hujjatni zararli dastur namunalari ichidan topishgan, ammo bu operatsiyaning asl maqsadi nima bo‘lgani va korxona tizimiga buzib kirilgan-kirilmagani borasida yetarli dalil keltirishmagan.
Davlatlar nima dedi?
«Reuters» agentligi mazkur tadqiqot natijalari bo‘yicha Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston va Belarus hukumatlariga izoh so‘rab murojaat qilgan, biroq maqola e’lon qilingunga qadar hech qanday javob ololmagan. Orsk zavodi va Nijniy Novgorod shahar hukumati ham agentlik so‘rovlarini javobsiz qoldirgan. Shuningdek, agentlik muxbirlari xakerlar bilan ham bog‘lanishga urinib ko‘rishgan, ammo buning iloji bo‘lmagan.





