Logo

Endi peshlavhalar reklama hisoblanmaydi

Bugun 12:052 daqiqa

O‘zbekistonda tadbirkorlar tashqi peshlavha uchun ortiqcha hujjat rasmiylashtirishdan ozod etildi. Yuridik shaxslar o‘ziga tegishli transport vositalariga tovar belgisi, faoliyat turi hamda mahsulot va xizmatlari haqidagi reklamani soddalashtirilgan tartibda joylashtirishi mumkin bo‘ladi.

Endi peshlavhalar reklama hisoblanmaydi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Toshkentda tadbirkorlar noroziligiga sabab bo‘lgan peshlavhalarni tashqi reklamaga tenglashtirish amaliyotiga chek qo‘yildi. Vazirlar Mahkamasining 13-oktabrdagi qaroriga ko‘ra, tadbirkor o‘z faoliyati yuritilayotgan binoning kirish qismiga joylashtirgan nomi va faoliyat turi haqidagi axborot tashqi reklama obyekti hisoblanmaydi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.

Yangi tartib firma nomi, tovar yoki xizmat ko‘rsatish belgisi ko‘rsatilgan peshlavhalarga ham taalluqli. Endi ular uchun reklama joyining pasportini rasmiylashtirish talab etilmaydi.

Qaror tadbirkorlar zimmasidagi ma’muriy yukni kamaytirishga qaratilgan. Biroq o‘zgarish tashqi reklamaga oid barcha talablar bekor qilinganini anglatmaydi: peshlavha bilan reklama konstruksiyasi o‘rtasidagi farq saqlanib qoladi.

Dizayn-kod uchun yangi talablar

Qarorda shahar dizayn-kodini qabul qilish tartibi ham belgilandi. Bundan buyon tegishli qarorlar jamoatchilik muhokamasidan, jumladan, regulation.gov.uz portali orqali muhokamadan o‘tgandan keyingina qabul qilinadi.

Qabul qilingan qarorlar e’lon qilinganidan uch oy o‘tgach kuchga kiradi. Bu tadbirkorlarga yangi talablarga tayyorlanish uchun vaqt beradi va qoidalarning kutilmaganda o‘zgarishi xavfini kamaytiradi.

Toshkent shahrining dizayn-kodi 10-dekabrgacha tadbirkorlar va ommaviy axborot vositalari ishtirokida muhokama qilinishi belgilangan. Shuningdek, ro‘yxatdan o‘tgan tovar belgisidan foydalanish imkoniyati saqlanishi shart.

Demontaj va reklama tartibi

Tashqi reklama obyektlarini majburiy demontaj qilish uchun ham aniq talablar joriy etildi. Demontaj sanasi va vaqti haqida kamida ikki kun oldin veb-saytda e’lon berilishi, obyekt egasiga esa yozma xabar yuborilishi kerak. Ishlar faqat ish kunlari soat 09:00 dan 18:00 gacha o‘tkaziladi.

Demontaj vaqtida egasi ishtirokida dalolatnoma tuziladi. Unda sana, vaqt, demontaj sababi, fotosuratlar va konstruksiya saqlash uchun yuborilgan manzil ko‘rsatilishi lozim. Tadbirkorga tegishli qaror va xabarnomalar uning yuridik manziliga ham yozma ravishda yuboriladi.

Qisqa muddatli reklama qurilish obyektida qurilish tugaguncha, bayram va tadbirlar munosabati bilan esa 30 kungacha joylashtirilishi mumkin. Jamoatchilik nazorati «Xalq nazorati» elektron portali orqali amalga oshiriladi.

Yuridik shaxslar o‘zlariga tegishli avtomobillarga tovar belgisi, faoliyat turi, mahsulot yoki xizmatlar haqidagi ma’lumotlarni soddalashtirilgan tartibda joylashtirishi mumkin. Buning uchun YAIDXP orqali elektron xabarnoma yuboriladi. Tizim reklama joyi pasportni avtomatik shakllantiradi va bu xizmat uchun yig‘im undirilmaydi.

Xabarnomada noto‘g‘ri ma’lumot yoki boshqa shaxsga tegishli tovar belgisi aniqlansa, pasport bekor qilinishi mumkin. Pasportdan ixtiyoriy voz kechish uchun ham YAIDXP orqali ariza berish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq tashqi reklama uchun elektr to‘lovidagi uch karra tarifni bekor qilish taklif etilgandi.

Teglar

Mavzuga oid