SHHT–2040: Shavkat Mirziyoyev yangi taraqqiyot strategiyasini taklif qildi
Prezident bir qator yangi tashabbuslar qatorida «SHHT – 2040: umumiy taraqqiyot makoni» konsepsiyasini ishlab chiqish, Sanoat kooperatsiyasi xaritasini yaratish va SHHT Taraqqiyot bankini amalda ishga tushirish tashabbusini ilgari surdi.
© Foto: president.uzO‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-sentabr kuni Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining yubiley yig‘ilishida ishtirok etdi.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov raisligida o‘tgan yig‘ilishda SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari, tashkilot bosh kotibi Nurlan Yermekbayev hamda SHHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori Ularbek Sharsheyev qatnashdi.
Yig‘ilish kun tartibidan SHHTning 25 yillik faoliyati davomida erishilgan natijalar, mintaqada barqarorlikni mustahkamlash, hamkorlikni kengaytirish va birgalikdagi taraqqiyotni davom ettirish masalalari o‘rin oldi. Shuningdek, dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashildi.
Yig‘ilishda delegatsiyalar rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekiston xalqini Mustaqillik kuni bilan tabrikladi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, mamlakat barqarorligi va xavfsizligini ta’minlash, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan ichki va tashqi siyosat yuqori baholandi.
Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidenti va xalqiga davlat suverenitetining 35 yilligi munosabati bilan tabrik yo‘lladi. Shuningdek, Qirg‘izistonning SHHTga raisligi davrida erishilgan natijalarni yuqori baholab, yig‘ilish kun tartibi va qarorlar loyihalarini qo‘llab-quvvatladi.
O‘zbekiston bir qator yangi tashabbuslarni ilgari surdi
Prezident SHHT chorak asr davomida o‘zining zarurligi va samaradorligini namoyon etganini ta’kidladi. O‘zbekiston tashkilotning ochiq, bloklardan xoli va tinchliksevar hamkorlik platformasi sifatida rivojlanishini qo‘llab-quvvatlab kelayotgani qayd etildi.
Shu nuqtai nazardan, «SHHT – 2040: umumiy taraqqiyot makoni» konseptual qarashini ishlab chiqishni boshlash taklif qilindi. Unda investitsiyalar, texnologiyalar va bilimlar erkin almashiladigan, yirik infratuzilma va sanoat loyihalari amalga oshiriladigan, mamlakatlar, biznes va odamlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar kengayadigan o‘zaro bog‘liq makonni shakllantirish maqsad qilingan.
Shuningdek, SHHT Sanoat kooperatsiyasi xaritasini ishlab chiqish taklif etildi. U maxsus iqtisodiy zonalar, ishlab chiqarish jarayonlari, sotuv bozorlari va logistika tizimini tadbirkorlar, investorlar hamda davlat tuzilmalari uchun yagona raqamli platformada birlashtirishni nazarda tutadi.
Prezident SHHT Taraqqiyot bankini amalda ishga tushirish, Hukumat rahbarlari kengashi tomonidan transport, energetika, sanoat kooperatsiyasi va raqamli infratuzilma bo‘yicha loyihalar portfelini shakllantirishni boshlash muhimligini ham qayd etdi.





