add

«SI mendan xafa bo‘lib qolgandir». Valuyev tahdidli videosi «feyk» ekanini aytdi

Bugun 12:243 daqiqa

Valuyevning Ukrainada amalga oshirilayotgan «maxsus harbiy operatsiya»lar sobiq sovet respublikalarida ham o‘tkazilishi kerakligini aytgan videosi tarqalgandi. Deputat video SI yordamida yasalganini aytdi.

«SI mendan xafa bo‘lib qolgandir». Valuyev tahdidli videosi «feyk» ekanini aytdi

Boks bo‘yicha sobiq jahon chempioni, Rossiya Davlat dumasi deputati Nikolay Valuyev o‘zining sobiq SSSR davlatlariga tahdid qilgani aks etgan video «feyk» ekanini ma’lum qildi. Bu haqda «RIA Novosti» xabar berdi.

«Bu video menga umuman aloqador emas. Texnologiyalar shunchalik tez rivojlanayotgani quvonarli, ammo bu sun’iy intellekt yordamida qilingan. Men tez-tez sun’iy intellekt va shunday soxta videolar yaratilishi mavzusini ko‘tarib kelaman. Ehtimol, sun’iy intellekt mendan xafa bo‘lib qolgandir», – dedi Valuyev dipfeyk paydo bo‘lishini izohlar ekan.

«Valuyev» nima degandi?

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda «Valuyev» Putinga yaqinligi bilan tanilgan faylasuf Aleksandr Dugin g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab, Ukrainada amalga oshirilayotgan «maxsus harbiy operatsiya»lar sobiq sovet respublikalarida ham o‘tkazilishi kerakligini aytgandi.

«Buyuk faylasuf Dugin haq. Biz 30 yil davomida postsovet respublikalariga «shirinliklar» ulashdik, lekin bu yordam bermadi. Endi qamchi kerak bo‘ladi. Shuning uchun yoshlarni tayyorlamoqdamiz. Zumerlarga sport zaliga borishni va erkaklarga xos sport turlari bilan shug‘ullanishni maslahat beraman», — degandi «Valuyev».

O‘zbekistonlik mashhur bokschi Ruslan Chagayev esa bu video sun’iy intellekt bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan va bunday bo‘lmagan taqdirda «unga o‘sha paytda tekkan zarbalarim endi ta’sir qilayotgani»ni aytgandi.

«Valuyevning kallasini joyiga qo‘yish uchun bitta jang kerak bo‘lsa, men tayyorman. Bu safar, Xudo xohlasa, jangdan keyin u butun Markaziy Osiyoni yaxshi ko‘radi va bunaqa bemaza gaplar gapirmaydi», — degandi Ruslan Chagayev.

Sun’iy intellekt bo‘lmaganlari ham ko‘p

Avvalroq, «Rus dunyosi» g‘oyasining asosiy mafkurachisi, faylasuf Aleksandr Dugin Markaziy Osiyo va boshqa sobiq SSSR hududlarining suverenitetini inkor etib, Rossiya ularni o‘z nazorati ostiga olishi kerakligini aytgan edi. Uning fikricha, aks holda bu hududlar G‘arb davlatlari uchun geosiyosiy tayanch nuqtaga aylanadi.

Undan oldinroq esa rossiyalik propagandachi Vladimir Solovyov ham Markaziy Osiyo va Armanistonni Rossiya milliy xavfsizligi uchun muhim hududlar sifatida ta’riflab, bu mintaqalarda ham harbiy amaliyotlar o‘tkazish kerakligini aytgan. U xalqaro huquq me’yorlarini ochiqchasiga ikkinchi darajaga surish kerakligini ta’kidlagan.

Propagandachining ushbu fikrlariga Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova munosabat bildirib, Solovyov bu gaplarni o‘zining shaxsiy «Solovyov Layf» kanalida bildirganini, shu bois ularni davlat nuqtai nazari deb baholash noto‘g‘ri ekanini qayd etdi.

Lekin Markaziy Osiyoga nisbatan tahdidning Rossiya davlat televideniyesidan yangrashi ham uzoq kuttirgani yo‘q. 27-yanvar kuni «Rossiya 1» telekanali efirida Vladimir Solovyov boshlovchiligidagi «Vecher s Vladimirom Solovyovim» dasturida ishtirok etgan siyosatshunos Sergey Mixeyev mintaqa davlatlarining tashqi siyosat yo‘nalishini tanqid qilib, ular bilan munosabatlarda teng huquqli sheriklik tamoyilini amalda rad etdi.

Mixeyevning aytishicha, Rossiya yillar davomida Markaziy Osiyo davlatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelgan, biroq bu holat ushbu mamlakatlarning «erkalanib ketishi»ga olib kelgan.

Teglar

Mavzuga oid