
Mariya Zaxarova: «Solovyovning bayonotlari Rossiyaning rasmiy pozitsiyasi emas»
Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova Solovyovning Armaniston va MOda «maxsus operatsiya» boshlashi kerakligi haqidagi gaplariga munosabat bildirdi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova teleboshlovchi Vladimir Solovyovning Armaniston va Markaziy Osiyo davlatlarida «maxsus harbiy operatsiya» o‘tkazish mumkinligi haqida aytgan gaplariga munosabat bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur chiqishlar Rossiyaning rasmiy siyosatiga aloqador emas va shaxsiy fikr sifatida aytilgan.
Zaxarova 15-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan brifingda jurnalistning gaplari Moskvaning rasmiy pozitsiyasi sifatida talqin qilinayotgani asossiz ekanini ta’kidladi. U Solovyov bu fikrlarni o‘zining shaxsiy «Solovyov Layf» kanalida bildirganini, shu bois davlat nuqtai nazaridan baholash noto‘g‘ri ekanini qayd etdi.
«Men iqtiboslarni o‘qib chiqdim va kontekstdan yulib olingan jumlalarga yoki birovning gapiga emas, balki aynan to‘g‘ridan-to‘g‘ri nutqqa tayanyapman. Bu fikr savol ko‘rinishida shakllantirilgan edi. U yerda bayonot emas, savol bor edi. Ritorikmi yoki boshqacha savolmi, bilmadim — bunisi endi menga tegishli emas», — dedi Rossiya TIV vakili.
Rossiya TIV vakilining aytishicha, mazkur so‘zlar kontekstdan uzib olingani va ayrim «divan analitiklari» tomonidan ataylab provokatsion tarzda ko‘rsatilganini bildirdi. U bunday manipulyatsiyalarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini alohida urg‘uladi.
Rasmiy vakil shuningdek, ayrim sharhlovchilar bu vaziyatdan foydalanib, Rossiyaning go‘yoki postsovet davlatlariga nisbatan «tajovuzkor niyatlari» borligi haqida asossiz uydirmalarni tarqatayotganini aytdi. Zaxarovaning fikricha, bunday axborotlar voqelikka to‘g‘ri kelmaydi va jamoatchilikni chalg‘itishga qaratilgan.
U Rossiyaning rasmiy pozitsiyasi faqatgina bunga vakolatli shaxslar tomonidan bildirilishini eslatdi.
Zaxarovaning ta’kidlashicha, Rossiya rahbariyati Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlar bo‘yicha o‘z siyosatini ko‘p marotaba ochiq bayon qilgan.
«Gapga emas, ishga qarab baho berish kerak. Necha marta yordamga kelindi? Necha marta yordam va do‘stlik qo‘li cho‘zildi? Qayg‘uga sherik bo‘lganda, hamdardlik bildirganda necha marta eng samimiy hissiyotlar izhor qilindi? Quvonchni baham ko‘rganda, umumiy g‘alabalarni hamda postsovet hududidagi hamkasb va do‘stlarimizning yutuqlarini birga nishonlaganda necha bor samimiy tuyg‘ular namoyon etildi? Qanchadan-qancha murakkab, yechimi yo‘qdek tuyilgan vaziyatlardan birgalikda yo‘l qidirildi? Necha marta tushunmovchilik va anglashilmovchiliklar bartaraf etildi? Provakatorlar chaqirig‘i va provokatsiyalarga necha marta javob qaytarildi? Mana shularga qarash kerak. Har qanday holatda ham provokatsiyalarga chalg‘imaslik lozim. Afsuski, ular hali ko‘p bo‘ladi. Shuning uchun, keling, qandaydir soxta va yolg‘on ma’lumotlarga aldanmaylik», — dedi Zaxarova.
Eslatib o‘tamiz, Vladimir Solovyov o‘z chiqishlarida Armaniston va Markaziy Osiyo davlatlarining siyosiy jarayonlari hamda tashqi siyosati haqida keskin mulohazalar bildirib, ushbu mintaqani Rossiya uchun Suriya yoki Venesueladan ham muhimroq deb atagan va «maxsus harbiy operatsiya» o‘tkazish g‘oyasini tilga olgan edi. Bu esa qator davlatlarda jamoatchilik muhokamalari va e’tirozlarga sabab bo‘ldi.





