
Singapurliklar uchun O‘zbekistonga charter parvozlar yo‘lga qo‘yiladi
30.07.2025 | 15:1533543
O‘zbekistonga kelayotgan xorijlik sayyohlar soni ortib borayotgan bir paytda, Singapurlik turistlar uchun maxsus charter reyslari tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu tashabbus ikki mamlakat o‘rtasidagi turizm aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishi mumkin.

Singapurning yetakchi turoperatorlaridan biri — Chan Brothers Travel kompaniyasi Singapurdan O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri charter reyslar orqali yuzlab turistlarni olib kelishni rejalashtirmoqda. Mazkur sayohatlar to‘qqiz kunlik turlardan iborat bo‘lib, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlarni qamrab oladi.
Sayyohlar O‘zbekistonning tarixiy va madaniy boyligi, tabiiy go‘zalliklari, me’moriy yodgorliklari, urf-odatlari va milliy taomlari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladilar. Turizmni targ‘ib etish maqsadida Chan Brothers Travel kompaniyasi maxsus marketingni boshlab, Singapurdagi ko‘rgazmalarda O‘zbekistonni namoyish etishni ham rejalashtirmoqda.
Shuningdek, Singapurning ommaviy radiostansiyalaridagi mashhur boshlovchilarni ham turistlar bilan birga yuborish, mamlakatimiz haqida keng jamoatchilikda qiziqish uyg‘otish maqsad qilingan.
Mutasaddilarga ko‘ra, ushbu tashabbus nafaqat sayyohlar oqimini ko‘paytirish, balki O‘zbekiston bilan Singapur o‘rtasidagi turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Xususan, 2024 yilda Toshkentda o‘tkazilgan biznes forumida $500 mln qiymatdagi loyihalar muhokama qilingan.





