
Sobiq deputat Olim Sulaymonovga jinoiy ish ochildi
14.10.2025 | 21:4347914
2017 yilning mart oyida uch yil-u, bir oyga qamalgan Olim Sulaymonov o‘sha yili 5 dekabr kuni ozodlikka chiqqan edi.

Sobiq deputat, tadbirkor Olim Sulaymonovga jinoiy ish ochildi. Bu haqda Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot kotibi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan 61 yoshli O. Sulaymonovga nisbatan Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi (qasddan badanga yengil shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Fuqaro shu kunga qadar IIO tomonidan gumonlanuvchi tariqasida bir necha marotaba, chaqiruv qog‘ozi orqali rasman chaqirilgan bo‘lsada, tergovga kelishdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan.
Shunga ko‘ra, bugun 14 oktyabr kuni, O. Sulaymonovni qonuniy asos bilan, tergov jarayoniga majburiy keltirish chorasi qo‘llanildi va mavjud jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
«Shu o‘rinda, ayrim ijtimoiy tarmoq faollariga, jinoyat ishi yuritilayotgan vaqtda, internet jahon axborot tarmog‘i orqali, tergov jarayoniga ta’sir o‘tkazishga urinish javobgarlikni keltirib chiqarishi haqida eslatib o‘tamiz», - deyiladi xabarda.
2016 yilda tadbirkor Olim Sulaymonov huquqni muhofaza qilish organi xodimlari tomonidan poraxo‘rlikka majburlanayotgani haqida videomurojaat qilib, o‘sha paytda Prezident vazifasini bajarayotgan Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, departament xodimi undan 30 ming dollar talab qilgan, talab bajarilmaganidan so‘ng esa “Do‘rmon biznes qurilish” va “Optima” kompaniyalariga tegishli hisobraqamlar muzlatib qo‘yilgan.
Keyinchalik Sulaymonovning o‘ziga qarshi tuhmat, firibgarlik va yolg‘on ko‘rsatma berish kabi ayblovlar qo‘yilib, u qamoqqa olingan. Biroq tadbirkor apellyatsiya sudiga murojaat qilib, to‘qqiz oylik jarayondan so‘ng to‘liq oqlangan. Uning ta’kidlashicha, bu qaror amnistiya emas, balki sudning oqlov qarori asosida qabul qilingan va adolat qaror topishida Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy aralashuvi muhim ahamiyat kasb etgan.





