add

Sog‘lom va osuda uyqu uchun qanday taomlanish kerak?

Bugun 18:134282 daqiqa

Olimlar ovqatlanish tarkibi uyqu sifatiga bevosita ta’sir qilishini aniqladi va oqsilga boy, uglevod miqdori cheklangan ratsion yaxshiroq uyqu bilan bog‘landi.

Sog‘lom va osuda uyqu uchun qanday taomlanish kerak?

Sog‘lom va chuqur uyqu nafaqat kun tartibi, balki kun davomida qanday ovqatlanishga ham bog‘liq ekani ilmiy jihatdan tasdiqlandi. Jorj Meyson universiteti va Men shtati sog‘liqni saqlash tadqiqot instituti olimlari o‘tkazgan katta ko‘lamli tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, ratsionda belok yetishmasligi va uglevodlarning ortiqcha iste’moli uyqu sifatiga salbiy ta’sir qiladi.

Frontiers in Nutrition jurnalida e’lon qilingan tadqiqotda 66 148 nafar katta yoshli erkak va ayol ishtirok etgan. 2007–2020 yillar davomida olimlar ishtirokchilarning uyqu sifati, ovqatlanish tarkibi va qondagi shakar darajasini qiyosiy tahlil qilgan.

Natijalarga ko‘ra, diabet va diabetoldi holatiga ega odamlar orasida uyqusizlik va bo‘linib ketadigan uyqu holatlari ancha ko‘p uchragan. Qonda glyukoza darajasi yuqori bo‘lgan ishtirokchilarda uyqu davomiyligi ham me’yordan og‘ishi qayd etilgan.

Eng salbiy natija past oqsilli va yog‘ga boy ratsion bilan bog‘liq bo‘lgan. Bunday ovqatlanish turi uyqu sifati yomonlashishi bilan barqaror ravishda bog‘langan. Aksincha, uglevod miqdori kamaytirilgan, yog‘ ulushi esa nisbatan yuqori bo‘lgan parhez uyqu qisqarib ketishi xavfini kamaytirgan. Bu holat nafaqat diabeti bor insonlarda, balki sog‘lom ishtirokchilarda ham kuzatilgan.

Olimlar uchun kutilmagan jihat shundaki, qondagi shakarni juda qat’iy nazorat qilish va parhezga ortiqcha cheklovlar qo‘yish ham ayrim holatlarda uyqu sifati yomonlashishi bilan bog‘liq bo‘lgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, uyqu masalasida yagona va barchaga mos parhez yo‘q. Ovqatlanish tarkibi, moddalar almashinuvi va organizmning individual xususiyatlari inobatga olinishi kerak. Shunga qaramay, oqsilga boy va muvozanatli ratsion sog‘lom uyqu uchun muhim omillardan biri sifatida ajralib chiqmoqda.

Avvalroq O‘zbekistonda qariyb 67 foiz aholi kuniga tavsiya etilgan miqdorda meva-sabzavot iste’mol qilmayotgani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid

Sog‘lom va osuda uyqu uchun qanday taomlanish kerak? | Vaqt.uz