
Soliq to‘lashda faol bo‘lgan mahallalarga har yili 2 mlrd so‘mdan ajratiladi
1-yanvardan «Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla» nominatsiyasi joriy etiladi. Har yili eng yaxshi soliq to‘lovchi 100 ta mahalla jamg‘armasiga 2 mlrd so‘mdan ajratiladi.

28-noyabrda prezidentning «Soliqlarning yig‘iluvchanlik darajasini oshirish va faol soliq to‘lovchilarni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–364-sonli qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1-yanvardan «Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla» nominatsiyasi joriy etiladi. Bunda g‘oliblarni aniqlash bo‘yicha mezonlar quyidagilar:
har 1 000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan kichik biznes sub’ektlari soni;
har 1 000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan kichik biznes sub’ektlari tomonidan to‘langan soliqlar miqdori;
har 1 000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lovchilar soni;
har 1 000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar soni va ular tomonidan to‘langan soliqlar miqdori;
mahalla fuqarolari tomonidan mol-mulk va yer soliqlarining to‘langanlik darajasi.
Ushbu qarorga muvofiq, «Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla» nominatsiyasi g‘oliblari uchun quyidagi rag‘batlantirish choralari joriy etiladi. Tashabbusli budjet doirasida ketma-ket 2 marotaba g‘olib deb topilgan mahallalar uchun navbatdagi 2 ta mavsum doirasida loyiha kiritish imkoniyatini cheklash qoidasi qo‘llanmaydi.
Shu jumladan, loyihalarni sheriklik asosida moliyalashtirishda ushbu mahallalar aholisi tomonidan loyiha qiymatining 25 foizi moliyalashtirilgan taqdirda, loyiha g‘olib deb topiladi hamda qolgan 75 foizi Davlat byudjetidan moliyalashtiriladi.
Shuningdek, belgilangan mezonlar asosida har yili birinchi 100 talikka kirgan eng yaxshi soliq to‘lovchi mahallalarning har biriga Davlat byudjetidan 2 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ tegishlicha Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasiga ajratiladi.





