
So‘mning tebranuvchanligi 2025 yilda sezilarli kengaydi
2025 yilda o‘zbek so‘mi dollarga nisbatan 6,9 foizga mustahkamlandi. 2021–2024 yillarda so‘m kursi dollarga nisbatan o‘rtacha 24,17 so‘mga o‘zgargan (standard og‘ish) bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich qariyb 43 so‘mni tashkil qildi.

O‘zbekistonda 2025 yilda o‘zbek so‘mi 6,9 foizga mustahkamlanib, kursning tebranuvchanligi 0,28 foizni tashkil qildi. Bu haqda Markaziy bankning Ichki valuta bozori sharhidan ma’lum bo‘ldi.
Tebranuvchanlik 2024 yilga nisbatan 2 barobardan ko‘proq oshgan. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich o‘rtacha 0,1 foiz bo‘lgandi.

Markaziy bank ta’kidlashicha, 2025 yil aprel-dekabr oylari davomida tebranuvchanlik 0,35 foizgacha ko‘tarilgan bo‘lib, moslashuvchanlik darajasi yuqori hisoblangan davlatlar valutalariga yaqinlashdi.
Kurs tebranuvchanligi — bu valuta kursining ma’lum vaqt ichida qanchalik tez va qanchalik katta diapazonda o‘zgarishini bildiradi.
2021–2024 yillarda so‘m kursi dollarga nisbatan o‘rtacha 24,17 so‘mga o‘zgargan (standard og‘ish) bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich qariyb 43 so‘mni tashkil qildi.
2025-yilda o‘rtacha kurs 12 575 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, yil davomida kursning eng yuqori qiymati 13 004 so‘mga (o‘rtacha kursdan 5,5 foizga yuqori) va eng quyi qiymati 11 881 so‘mga (o‘rtacha kursdan 3,4 foizga past) teng bo‘ldi.

Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ)ning “Valuta kurs rejimlarini klassifikatsiya qilishning yangilangan tizimi”ga ko‘ra, mamlakatda valuta kursi 6 oy yoki undan ortiq vaqt davomida markaziy qiymat atrofida ±2 foiz diapazonda shakllansa, XVJ ushbu holatda valuta kursini erkin suzuvchi (floating) emas, balki barqarorlashtirilgan valuta kurs rejimi (stabilized arrangement) deb baholaydi.
Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, so‘m dinamikasi 2025 yilda erkin suzuvchi valuta kurslari dinamikasini o‘zida aks ettirgan.
Valuta kursi ikki tomonlama tebranuvchanligi oshishining asosiy omillaridan biri ichki valuta bozorida market-meykerlar soninining oshgani hamda ular tomonidan tuzilgan bitimlar hajmining sezilarli darajada ortgani bo‘ldi. Xususan, 2025-yil yakuniga kelib market-meykerlar2 soni 2 tadan 5 tagacha ko‘paydi.
Almashuv kursining mustahkamlanishi natijasida iqtisodiyotda milliy valutaga bo‘lgan ishonch oshishi bilan bog‘liq bir qator ijobiy tendensiyalar kuzatilmoqda.
2025 yilda:
— milliy valutadagi hisob-kitoblar hamda jamg‘arishning faollashishi hisobiga bank tizimidagi milliy valutadagi depozitlar hajmi yil boshidan 44 foizga oshib, 240 trln so‘mga yetdi;
— aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari mos ravishda 11,5 va 11,1 foizgacha sekinlashdi (yil boshida mos ravishda 14,4 va 13,9 foiz) hamda kutilmalar shakllanishida valuta kursi omili ikki barobarga qisqardi;
— depozit va kreditlarning dollarlashuv darajasida pasayish dinamikasi tezlashdi (kreditlar bo‘yicha 41 foizdan 38 foizgacha, depozitlar bo‘yicha 26 foizdan 22 foizgacha);
— mijozlarning banklarga jami valuta sotuvi 35 foizga oshib, 47 mlrd dollarga yetdi;
— davlat va korporativ tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlari o‘rtacha 6-7 foizgacha qisqardi.
Regulyator ushbu tendensiyalarning davom etishi milliy valutaga bo‘lgan ishonchni kuchaytirib, so‘mdagi aktivlar jozibadorligini oshishiga va umuman olganda makroiqtisodiy barqarorlikka ijobiy hissa qo‘shadi deb hisoblamoqda.





