
«Strong Cities» MCHJ rahbari qamoqqa olindi
16.07.2025 | 10:002793
200 nafar fuqarodan jami 5 milliard so‘m to‘plab, g‘oyib bo‘lgan «Strong Cities» qurilish kompaniyasi rahbari ushlandi. Unga nisbatan juda ko‘p miqdordagi firibgarlik bilan bog‘liq jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq, Toshkent shahridagi «Strong Cities» MCHJ qurilish kompaniyasi 200 kishidan 5 mlrd so‘m olib, g‘oyib bo‘lgani haqida xabar bergan edik. Toshkent shahar IIBB ma’lumotiga ko‘ra, mazkur MCHJ rahbari qamoqqa olingan va unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qayd etilishicha, fuqaro T.N. va uning sheriklari 2021 yil 11 avgust kuni «Strong Cities» MCHJni tashkil etib, zarur me’yoriy hujjatlar va tegishli ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yurita boshlagan.
Ular Olmazor tumanidagi yer maydonida ko‘p qavatli uy qurishini aytib, fuqarolarni ishonchiga kirgan.
Aniqlanishicha, qurilayotgan uy uchun bankda maxsus hisob raqami ochmasdan, 2023–2024 yillar davomida fuqarolar bilan shartnomalar tuzib, ulardan katta miqdorda pul olgan.
Holat yuzasidan fuqarolarning juda ko‘p miqdordagi mablag‘ini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritish bo‘yicha Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
«Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi ("Firibgarlik, juda ko‘p miqdorda sodir etilishi") bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov jarayonida fuqaro T.N. ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda», deyiladi xabarda.





