add

Sud-ekspertlik «E-ekspertiza» axborot tizimi joriy etiladi

08.09.2025 | 20:209124

O‘zbekistonda sud-ekspertlik faoliyatini raqamlashtirish va sun’iy intellekt asosida samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi qaror qabul qilindi.

Sud-ekspertlik «E-ekspertiza» axborot tizimi joriy etiladi
Prezidentning 8 sentyabrdagi PQ–270-son qarori shu yo‘nalishda amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni belgilab berdi. Hujjatga ko‘ra, sohada tadqiqotlarning tezkorligi, xolisligi va to‘liqligini ta’minlash uchun raqamli texnologiyalar keng qo‘llaniladi. Shuningdek, sud-ekspertiza tashkilotlari va ekspertiza tayinlovchi organlar axborot tizimlari o‘zaro integratsiya qilinib, elektron hujjat ayirboshlash hajmi 100 foizga yetkaziladi. Qaror asosida «E-ekspertiza» axborot tizimi sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatiga to‘liq joriy etiladi. Mazkur platforma sudlar, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va ma’muriy ishlarni ko‘rib chiquvchi organlar bilan elektron hujjatlar almashinuvini ta’minlaydi. Yangi tizim bosqichma-bosqich amalga oshiriladi: 2026 yil 1 yanvardan respublika darajasidagi organlarda, 1 iyundan hududiy darajada, 1 sentyabrdan esa tuman va shahar darajasida joriy etilishi rejalashtirilgan. Loyiha sohada inson omilini kamaytirish, xolis va shaffof xulosalar tayyorlash hamda sud ishlarining samaradorligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Nodavlat sud-ekspertiza institutining vakolatlari kengayadi Yuqoridagi qarorga ko‘ra, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari ixtiyoriy a’zoligiga asoslangan Sud ekspertlari palatasi tashkil etiladi. Ushbu tuzilma soha mutaxassislarining huquqiy maqomini mustahkamlash va hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, Adliya vazirligi huzurida Ekspert-malaka komissiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Komissiya nodavlat sud ekspertlarining kasbiy tayyorgarlik darajasini baholash va noqonuniy harakatlar bilan bog‘liq holatlarni xolis ko‘rib chiqish bilan shug‘ullanadi. 2025 yil 1 noyabrdan ma’muriy huquqbuzarlik ishlari bo‘yicha advokat so‘roviga ko‘ra shartnoma asosida ekspertiza o‘tkazish amaliyoti joriy etiladi. 1 dekabrdan esa nodavlat ekspertlarga yakka tartibda sud-ekspertlik byurosi shaklida ishlash huquqi beriladi. Shu bilan birga, 15 dekabrdan X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markaziga onlayn murojaat qilish imkoniyati «Sud-ekspert» portali orqali yo‘lga qo‘yiladi. 2026 yil 1 yanvardan esa sud ekspertlari ob’ektlarni ko‘zdan kechirish jarayonida bodikameradan foydalanishi majburiy bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid