
Surxondaryoda advokat 50 ming dollar pora bilan ushlandi
15.07.2025 | 12:0013942
Jarqo‘rg‘on tumanida advokat sud jarayoniga ta’sir ko‘rsatish va ayblanuvchiga yengil jazo tayinlanishida yordam berish evaziga katta miqdorda pora talab qilgan. Ammo u huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlangan.

Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida faoliyat yurituvchi advokat ichki ishlar organlari tomonidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida sud jarayoniga aralashishga urinishda ayblanmoqda. U sudda ko‘rilayotgan ish bo‘yicha ayblanuvchiga ozodlikdan mahrum qilmaydigan jazo tayinlanishi uchun yordam berishni va’da qilib, evaziga 60 ming AQSH dollari talab qilgan.
Advokat bu yordamni sud idoralaridagi tanishlari orqali amalga oshirishini aytgan. U DXX va Prokuratura xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir vaqtida, so‘ralgan pulning 50 ming AQSH dollarini olgan paytida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (katta miqdorda firibgarlik) va 28-modda orqali 211-moddasi 3-qismi «a» bandi (pora berishga suiqasd) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilib, hozirgi vaqtda tergov harakatlari davom etmoqda.





