add

Surxondaryodagi suv ombori hududida turizm majmuasi quriladi

25.08.2025 | 12:0026303

Qumqo‘rg‘on tumanidagi «Janubiy Surxon» suv omborida ekoturizm maskani qurish uchun 15,7 gektar maydon ajratildi.

Surxondaryodagi suv ombori hududida turizm majmuasi quriladi
Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida suv taqchilligi yuqori bo‘lishiga qaramasdan, turizm sohasini rivojlantirish maqsadida yangi loyiha amalga oshirilmoqda. «O‘zA» xabariga ko‘ra, «Janubiy Surxon» suv ombori hududida ekoturizm majmuasi qurilishi uchun 15,7 gektar yer ajratilgan. Loyiha qiymati 140 milliard so‘mga teng bo‘lib, unda tabiiy muhitni muhofaza qilish masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Mutasaddilarning ma’lumoticha, qurilish jarayonida atrof-muhitni avaylash, yashil maydonlar yaratish, ekologik talablarga javob beruvchi yo‘l va infratuzilmalar barpo etish, shuningdek, oqova suvlarni tozalash tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan. Yangi maskanda kottej uylar, basseyn, avtoturargoh va avtomobil yuvish shoxobchalari quriladi. Shuningdek, savdo va ovqatlanish nuqtalari, suv usti ayvonlari, sport va bolalar maydonchalari hamda piyodalar yo‘laklari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Loyiha doirasida baliqchilik faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ham nazarda tutilmoqda. Ma’lumot uchun, «Janubiy Surxon» suv ombori 58 yil avval ishga tushirilgan bo‘lib, dengiz sathidan 408 metr balandlikda joylashgan. Uning to‘la suv sig‘imi 800 million kub metrni tashkil etadi. Eslatib o‘tamiz, shunga o‘xshash yirik turistik loyiha Toshkent viloyatidagi Chorvoq suv ombori hududida ham amalga oshirilmoqda. U yerda 577 gektar maydon «See breeze Uzbekistan» MCHJga 25 yilga ijaraga berilgan. Mazkur ob’ekt qurilishi bo‘yicha ekologlar tabiatga ehtimoliy zarar haqida xavotir bildirishgan edi.  

Teglar

Mavzuga oid