Suv tanqisligining oldini olishga 600 mlrd so‘m ajratiladi
O‘zbekistonda suv tanqisligining oldini olish uchun 600 mlrd so‘m ajratilib, 389 km kanal rekonstruksiya qilinadi.
© Javhar ChorshanbiyevaO‘zbekistonda suv resurslaridan oqilona foydalanish va 2026-yilda kutilayotgan suv tanqisligining oldini olish maqsadida 600 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Bu haqda 5-mart kuni qabul qilingan prezident qarorida belgilangan.
Mablag‘ nimalarga sarflanadi
Qarorga ko‘ra, mazkur mablag‘ respublika budjeti daromadlarining 2026-yil birinchi choragi yakuni bo‘yicha prognozdan ortiqcha tushgan qismi hisobidan qoplanadi. Ajratilgan mablag‘ning 480 milliard so‘mi kanallar va sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish ishlariga, yana 120 milliard so‘mi suv tanqisligini bartaraf etishga qaratilgan boshqa chora-tadbirlarga yo‘naltiriladi.
Hujjatga muvofiq, Suv xo‘jaligi vazirligi tizimida suv yo‘qotilishi yuqori bo‘lgan 389 kilometr kanalni rekonstruksiya qilish va betonlashtirish rejalashtirilgan. Bu ishlar amalga oshirilsa, yiliga o‘rtacha 206 million kub metr suv va 26 million kilovatt soat elektr energiyasini tejash imkoni paydo bo‘ladi.
Shuningdek, ushbu tadbirlar natijasida sug‘oriladigan 159 ming gektar yer maydonining suv ta’minoti yaxshilanishi kutilmoqda. Kanallar va tarmoqlardan suv o‘tkazish quvvati 20 foizgacha oshadi, suvning dalalarga yetib borish vaqti esa 2–3 barobarga qisqaradi.
Sug‘orish tarmoqlarini ta’mirlash va betonlashtirish ishlari «bir kanal – bir tizim» tamoyili asosida amalga oshiriladi. Ya’ni avvaldan betonlashtirilgan yoki bu ishlar boshlangan kanallardan suv oluvchi tarmoqlar birinchi navbatda rekonstruksiya qilinadi.
Belgilangan vazifalar yakuni
Suv xo‘jaligi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, qarorda belgilangan tadbirlar amalga oshirilsa, suv tanqisligi xavfi 20–30 foizgacha kamayishi mumkin. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hosildorligi o‘rtacha 20–30 foizga, mahsulot yetishtirish hajmi esa 15–25 foizga oshishi kutilmoqda.
Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev dunyoda suv tanqisligi muammosi tobora keskinlashayotganini ta’kidlab, suvdan oqilona foydalanish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini bildirgan edi. Shuningdek, ochiq drenaj va kollektorlarni yopiq tizimga o‘tkazish hamda kanallarni modernizatsiya qilish bo‘yicha alohida dasturlar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.





