add

Tadbirkorlarga asossiz jarima qo‘llagan mansabdorlar javobgarlikka tortiladi

Biznes ombudsman tadbirkorlarga asossiz jarimalar qo‘llangani uchun javobgarlik belgilanishini nazarda tutuvchi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Tadbirkorlarga asossiz jarima qo‘llagan mansabdorlar javobgarlikka tortiladi

O‘zbekistonda tadbirkorlarga asossiz jarimalar qo‘llagan mansabdor shaxslar javobgarlikka tortiladi. Biznes ombudsman tomonidan mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Yangi qonun loyihasiga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 241−11-modda bilan to‘ldiriladi. Unga muvofiq, agar nazorat yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi tadbirkorga asossiz jarima qo‘llab, bu holat sud tomonidan qonunga xilof deb topilsa, u bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 40 baravarigacha jarima to‘laydi.

2024 yil davomida sudlarga tadbirkorlar tomonidan jami 6370 ta shikoyat kelib tushgan, ularning 5280 tasi qanoatlantirilib, 1,4 trln so‘mlik jarimalar bekor qilingan. 2025 yilning birinchi yarmida esa 4738 ta shikoyatdan 3755 tasi tadbirkorlar foydasiga hal etilgan va natijada qariyb 3,1 trln so‘m jarimalar bekor qilingan.

Qonun loyihasi mualliflarining ta’kidlashicha, amalda mansabdor shaxslar tomonidan bunday xatolar uchun javobgarlik belgilanmagani ularning mas’uliyatini susaytirayotgani va asossiz jarimalar sonini oshirayotganini ko‘rsatmoqda.

Hujjatda ta’kidlanishicha, sudlar tomonidan ko‘pchilik ishlar tadbirkorlar foydasiga hal etilayotgani, muammoning tizimli yechimi zarurligini namoyon etmoqda.

Qonun loyihasi muhokamasi 9 noyabrgacha davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda tadbirkordan 35 ming dollar pora talab qilgan sobiq soliq xodimi qo‘lga olingani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid