Taxiatosh va Shofirkon tumanlariga yangi hokimlar tayinlandi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumani va Buxoro viloyat Shofirkon tumani rahbarlik lavozimlariga yangi nomzodlar tasdiqlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Buxoro viloyatida mahalliy boshqaruv tizimida kadrlar almashinuvi amalga oshirilib, Taxiatosh va Shofirkon tumanlariga yangi hokimlar tayinlandi.
Taxiatosh tumani
Islambek Sdikov Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxiatosh tumani hokimi etib tayinlandi. Ushbu tayinlovga qadar u Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Sanoat, qurilish, transport va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi sifatida faoliyat yuritgan.
Kadrlar almashinuvi doirasida Taxiatosh tumani hokimi bo‘lib ishlab kelgan Kamiljan Aytbayev esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari — qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosar, shu bilan birga qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimiga tayinlandi.
Shofirkon tumani
Buxoro viloyatida Xalq deputatlari Shofirkon tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko‘rib chiqildi va viloyat hokimining tegishli qarori o‘qib eshittirildi.
Sessiya qaroriga muvofiq, Amonov Mo‘min Olimovich Shofirkon tumani hokimi etib tasdiqlandi.
U 1988-yilda Shofirkon tumanida tug‘ilgan bo‘lib, Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi institutini tamomlagan.
Tayinlovga qadar Mo‘min Amonov Buxoro shahri hokimining qurilish, to‘siqsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.





