
«TBC Capital» «Toshkent» fond birjasiga qo‘shildi
2025 yil 18-noyabrdan boshlab «TBC Capital» MCHJ «Toshkent» Respublika fond birjasida 503-sonli brokerlik raqami bilan faoliyat boshladi.

«TBC Capital» Gуржистонning TBC Bank Group tarkibidagi investitsion-brokerlik kompaniyasi bo‘lib, guruh tarkibiga shuningdek Gruziyadagi TBC Bank hamda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan TBC Bank JSC UZ kiradi.
Investitsiya vositachisi nima va nima uchun kerak?
Aksiya yoki obligatsiya sotib olmoqchi bo‘lgan investorlar birjaga to‘g‘ridan to‘g‘ri kira olmaydi, ular uchun investitsiya vositachilari zarur. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, investitsiya vositachisi qimmatli qog‘ozlar bozorida brokerlik va dilerlik faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega professional ishtirokchi bo‘lib, investor nomidan yoki o‘z nomidan bitimlar tuzadi, qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha huquqlarni hisobga oladi va emissiyalarni joylashtirishda ishtirok etishi mumkin.
Bunday vositachilar investorlar uchun depo hisobvaraqlarini ochish va yuritish, birja savdolariga onlayn yoki offlayn buyurtmalarni qabul qilish, bitimlar bo‘yicha hisob-kitob va hujjatlashtirishni tashkil etish, birja, Markaziy depozitariy va hisob-kitob tizimlari bilan texnik integratsiyani ta’minlash kabi bir qator funksiyalarni bajaradi.
Bundan tashqari, ko‘plab professional vositachilar mijozlarga bozor tahlillari, portfelni boshqarish bo‘yicha konsultatsiyalar hamda yangi emissiyalarni joylashtirish (anderrayting) xizmatlarini ham taklif etadi.
Oddiy qilib aytganda, ular nafaqat texnik xizmat ko‘rsatuvchi, balki investor uchun kapital bozorida yo‘l ko‘rsatuvchi hisoblanadi.
Qimmatli qog‘ozlar Markaziy depozitariyсиning 2024 yil yakunlari bo‘yicha ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvar holatiga O‘zbekistonda 56 ta investitsiya vositachisi va 1 ta xorijiy nominal saqlovchi faoliyat yuritmoqda. Ular orqali depo hisobvaraqlarida mablag‘i bor deponentlar soni 700 mingdan ortiq, Yagona ma’lumotlar bazasida esa 830 mingdan ortiq deponent qayd etilgan.
Bu ko‘rsatkichlar oxirgi yillarda kapital bozoriga qiziqish ortib borayotganidan dalolat beradi. Shunga qaramay, xalqaro tajriba bilan solishtirilganda, O‘zbekistonda chakana investorlar soni hali ham juda kam, shuning uchun bu segmentda o‘sish uchun katta zaxira mavjud.
«TBC Capital»ning bozorga qo‘shilishi
«TBC Capital» bozorga shunchaki navbatdagi broker sifatida emas, balki bir nechta strategik ustunliklarga ega o‘yinchi sifatida kirib kelmoqda.
Birinchidan, yangi professional ishtirokchining paydo bo‘lishi komissiya stavkalari, xizmat ko‘rsatish tezligi va texnologik platformalar sifati bo‘yicha raqobatni kuchaytiradi. Bu bevosita investorlar uchun qulayroq tariflar va foydalanuvchi interfeyslarining yaxshilanishiga olib kelishi mumkin.
Ikkinchidan, «TBC Capital» Gurjiston bozorida brokerlik va investitsion bank xizmatlari bo‘yicha ko‘p yillik tajribaga ega. TBC Bank Group Saqartvelo fond birjasida faol ishtirok etadi. Euromoney ma’lumotlariga ko‘ra, «TBC Capital» boshqaruvidagi aktivlar qisqa muddatda 735 mln dollardan 850 mln dollarga oshgan, yuqori segmentdagi mijozlar bazasi esa 23 foizga kengaygan.
Mazkur tajriba va standartlar O‘zbekiston bozoriga ham transfer qilinishi kutilmoqda.
Uchinchidan, TBC guruhi O‘zbekistonda millionlab foydalanuvchiga ega Payme to‘lov servisi va «TBC Bank Uzbekistan» orqali keng raqamli ekotizimni shakllantirgan. Shu infratuzilma orqali kapital bozori mahsulotlarini ilgari fond bozorida faol bo‘lmagan, lekin raqamli xizmatlardan foydalanayotgan keng auditoriyaga taklif etish imkoniyati paydo bo‘ladi.
«Toshkent» fond birjasi savdo hajmi so‘nggi yillarda sezilarli tarzda oshdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda aksiyalar bo‘yicha savdo hajmi 21,95 trln so‘mni tashkil etib, 2023 yildagi 2,89 trln so‘m ko‘rsatkichidan qariyb 7,6 baravar yuqori bo‘lgan.
Davlat aktivlarini xususiylashtirish, korporativ boshqaruv standartlarini kuchaytirish va kapital bozorini rivojlantirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar aynan fond bozorining likvidligini oshirishga qaratilgan.
«O‘zbekiston–2030» strategiyasida ham moliya va kapital bozorini yanada erkinlashtirish, qimmatli qog‘ozlar bozoriga xorijiy investorlar ishtirokini kengaytirish va zamonaviy moliyaviy infratuzilmani rivojlantirish vazifalari belgilangan. Bu maqsadlarga erishishda professional investitsiya vositachilarining soni, sifati va raqobat muhiti hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.
«TBC Capital» kabi xalqaro tajribaga ega, zamonaviy texnologiyalarga tayanadigan o‘yinchining birjaga qo‘shilishi muhim qadam hisoblanadi. Bu bozor likvidligini oshirish, yangi investorlar jalb qilish va O‘zbekiston kapital bozorini mintaqaviy moliya markazlariga yaqinlashtirish jarayonini tezlashtirishi mumkin.
G.Bozorova tayyorladi.





