
Tijorat banklarining axborot tizimiga kiberhujum bo‘lmagan — Markaziy bank
Markaziy bank tijorat banklari, to‘lov tashkilotlari hamda to‘lov tizimi operatorlarining axborot tizimlariga nisbatan kiberhujum sodir etilmaganini ma’lum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 3-fevral kuni xakerlar tomonidan kiberhujum amalga oshirilgani va natijada 15 million O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari internetga sizdirilgani haqida turli xabarlar tarqaldi.
Markaziy bankning ma’lum qilishicha, hozirgi vaqtga qadar mamlakat hududida faoliyat yuritayotgan tijorat banklari, to‘lov tashkilotlari hamda to‘lov tizimi operatorlarining axborot tizimlariga nisbatan bunday kiberhujum sodir etilgani tasdiqlanmagan. Axborot tizimlari rejali tarzda monitoring qilinayotgani va vaziyat to‘liq nazorat ostida ekani ta’kidlandi.
Mazkur holat yuzasidan fuqarolardan quyidagilarga qat’iy amal qilish so‘raldi:
Noma’lum va shubhali manbalarda tarqatilayotgan havolalarga kirmaslik;
Shaxsiy ma’lumotlar (bank karta rekvizitlari, SMS-kodlar, parollar)ni hech kimga bermaslik;
Faqat rasmiy manbalar orqali e’lon qilinadigan axborotlarga ishonish;
Shubhali holatlarga duch kelganda tegishli vakolatli organlarga murojaat qilish.
Eslatib o‘tamiz, Ichki ishlar vazirligi ham o‘z tasarrufidagi barcha axborot tizimlarining xavfsizligi to‘liq ta’minlanganligi va tashqi kirish imkoniyati yo‘qligini rasman ma’lum qilgan edi.
Shaxsiy ma’lumotlar o‘g‘irlanishi
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda hukumat tizimlaridan kamida 15 million O‘zbekiston fuqarosining shaxsiy ma’lumotlari o‘g‘irlangani va «Dark Web»ga joylashtirilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sizdirilgan bazada fuqarolarning shaxsini tasdiqlovchi ma’lumotlar va boshqa shaxsiy axborotlar bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, Milliy statistika qo‘mitasi matbuot kotibi Usmon Abdurasulovning Vaqt.uzʼga ma’lum qilishicha, hakerlar census.stat.uz saytidan ma’lumotlarni olib chiqib ketolmagan.
«Bizning bazada aholi vakillarining rasmlari ko‘rinmaydi. So‘rovnomada ham hech kimdan fotosurat talab qilinmagan. Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, hech qanday ma’lumotlar statistika qo‘mitasining platformasidan olib chiqilmagan. Bu bo‘yicha to‘liq rasmiy munosabatni yaqin orada e’lon qilamiz», — dedi Usmon Abdurasulov.





