add

Toshkent aeroportida yangi taksi xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi

26.08.2025 | 11:3029114 daqiqa

3 sentyabr kuni elektron auksion orqali Toshkent xalqaro aeroportida beshta yangi taksi xizmati uchun huquqlar sotuvga qo‘yiladi.

Toshkent aeroportida yangi taksi xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi
«Uzbekistan Airports» matbuot xizmati xabar berishicha, Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish zalida yo‘lovchi va bagaj tashish xizmatini yo‘lga qo‘yish maqsadida bir nechta lot elektron auksionga chiqarilgan. Har bir xizmat nuqtasi uchun 3 metr kvadrat maydon ajratiladi. Auksionda ishtirok etuvchi kompaniyalar uchun qator talablar belgilangan. Jumladan, ular — 3 yildan oshmagan, benzinda ishlaydigan shaxsiy avtoparkka ega bo‘lishi; — Tun-kun ishlaydigan dispetcherlik xizmati tashkil etishi lozim; — Onlayn-servisni Uzbekistan Airports saytiga integratsiya qilish imkoniyati; — Rasmiy tariflar asosida xizmat ko‘rsatish; — Mashinalarni xavfsizlik vositalari bilan jihozlash shart. Talablar qatorida aeroportning rasmiy tashuvchisi sifatida kuzovni brending qilish, kamida 3 yillik tajribaga ega, o‘zbek va rus tillarini biluvchi haydovchilarga ega bo‘lish, ularni maxsus forma bilan ta’minlash ham bor. Shu bilan birga, Uzcard, Humo, Mastercard, Visa va naqd pul orqali to‘lov qabul qilish imkoniyati ham bo‘lishi shart. Aeroportda bir vaqtning o‘zida kamida 10 ta taksi xizmat ko‘rsatishga tayyor holatda bo‘lishi kerak. Ijara narxi 1 metr kvadrat uchun 1 mln so‘m (QQSsiz) etib belgilangan. Jami beshta xizmat nuqtasi ochilishi kutilmoqda. «Uzbekistan Airports» boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxo‘jayev yil boshida taksilarga raqamli buyurtma tizimi va operatorlar uchun alohida yo‘laklar joriy etilishi rejalashtirilayotganini bildirgandi. Shuningdek, kelish zali rekonstruksiyasidan so‘ng maxsus pultlar orqali mobil aloqasiz taksi chaqirish imkoniyati paydo bo‘lishi ham ma’lum qilingan.

Teglar

Mavzuga oid