Logo

Vazirlik Vaqt.uz surishtiruviga munosabat bildirdi, ammo asosiy savollar ochiq qolmoqda

Bugun 17:553 daqiqa

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Vaqt.uz’ning talabalar yotoqxonalari bo‘yicha surishtiruviga rasmiy izoh berdi. Biroq bayonotda davlat dasturi ijrosi, qurilgan yotoqxonalar va statistik raqamlarga oid asosiy savollarga oydinlik kiritilmadi.

Vazirlik Vaqt.uz surishtiruviga munosabat bildirdi, ammo asosiy savollar ochiq qolmoqda

Vaqt.uz avvalroq talabalar turar joylari bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganib, «Talabalar yotoqxonasi paradoksi: bir qo‘l bilan qurilyapti, ikkinchi qo‘l bilan esa sotish avjida» nomli surishtiruvni e’lon qilgan edi. Unda 2022–2025 yillarda talabalar yotoqxonalari qurilishi uchun ajratilgan budjet mablag‘lari, davlat dasturlari hamda ommaviy savdoga chiqarilgan talabalar turar joylari tahlil qilingan.

Surishtiruv ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinib, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi esa maqola yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Vazirlik nimalarga izoh berdi?

Vazirlikka ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilingan ayrim lotlar talabalar yashaydigan xonalar emas, balki talabalar turar joylari tarkibidagi yerto‘la, oshxona, bufet, hovli qismi hamda boshqa yordamchi maydonlardan iborat. Quyidagilarga izoh berilgan:

Samarqand davlat tibbiyot universiteti talabalar turar joyining hovli qismidagi 69,8 kvadrat metr bo‘sh maydon;

Farg‘ona davlat universiteti yerto‘lasidagi 40 kvadrat metr bo‘sh xona;

Guliston davlat universitetidagi 37 va 52 kvadrat metrlik bo‘sh xonalar;

Urganch davlat universitetidagi 36 kvadrat metrlik oshxona;

Farg‘ona davlat texnika universitetidagi oshxona binosi;

Termiz davlat universiteti hududidagi texnologik maydon ommaviy savdolar orqali ijaraga berish uchun joylashtirilgan.

Shuningdek, vazirlik O‘zbekiston milliy pedagogika universitetiga tegishli obyektlarning ommaviy savdoga chiqarilishi Prezidentning PF–70-son farmoni asosida amalga oshirilayotganini bildirdi. Universitetning mavjud binolari Yangi Toshkentdagi yangi kampus foydalanishga topshirilgandan keyingina bo‘shatiladi.

Ayni paytda esa universitet mablag‘lari va sotuvdan tushadigan mablag‘lar hisobidan 5 ming o‘rinli yangi talabalar turar joylari qurilmoqda.

«Mazkur obyektlar talabalarni yashash joylari hisoblanmaydi va talabalar turar joylari o‘rinlari qisqarishiga sabab bo‘lmaydi», — deyiladi vazirlik bayonotida.

Ammo asosiy savollar javobsiz qoldi

Vazirlik bayonoti ayrim e’tirozlarga izoh bergan bo‘lsa-da, surishtiruv davomida ko‘tarilgan asosiy savollarga javob bermaydi.

Birinchidan, 2021 yil 10-sentabrdagi hukumat qarori bilan 2022–2025 yillarda 241 ta talabalar turar joyi qurish va 109,7 ming yangi o‘rin yaratish rejalashtirilgan edi. Vazirlik esa ayni davrda 74,1 ming o‘rin yaratilganini ma’lum qildi.

Vazirlik keltirgan ushbu ko‘rsatkich hukumat qaroridagi 109,7 ming o‘rinlik reja bilan taqqoslanganda, dastur taxminan 67,5 foiz bajarilganini anglatadi. Biroq bayonotda bu tafovut sabablari izohlanmagan.

Ikkinchidan, vazirlik yana qurilgan obyektlar soni emas, yaratilgan o‘rinlar sonini e’lon qildi. Holbuki, hukumat qarorida asosiy indikator aynan qurilishi lozim bo‘lgan talabalar turar joylari soni edi.

Bugungi kungacha 241 ta loyihaning nechtasi foydalanishga topshirilgani, qancha loyiha kechikayotgani va nechta obyekt qurilishda ekani ham ochiqlanmadi.

Uchinchidan, vazirlik qayd etgan 74,1 ming o‘rinning qanchasi yangi qurilish, qanchasi rekonstruksiya yoki mavjud binolarni qayta jihozlash hisobiga yaratilgani ham ochiqlanmadi.

Bundan tashqari, vazirlik munosabatida 2021-yilda tasdiqlangan dastur ijros bo‘yicha to‘liq ma’lumot ham keltirmadi. Bu esa hukumat qarorida belgilangan vazifalar amalda qay darajada bajarilganini aniq baholash imkonini cheklaydi.

Vazirlik ayrim masalalarga oydinlik kiritdi. Ammo davlat dasturining ijrosi, qurilgan yotoqxonalar soni va rasmiy raqamlar o‘rtasidagi tafovutga oid asosiy savollar hali ham ochiq. Bu savollarga faqat to‘liq va ochiq ma’lumotlargina oydinlik kiritishi mumkin. Aks holda raqamlar o‘yini davom etaveradi, talabalar yotoqxonasi muammosi esa o‘z yechimini topmaydi.

Teglar

Mavzuga oid