
Toshkent–Samarqand yo‘nalishida yangi yuqori tezlikdagi temiryo‘l quriladi — Prezident
2026 yildan boshlab O‘zbekistonda ichki temiryo‘l infratuzilmasini rivojlantirish doirasida «Toshkent–Samarqand» yo‘nalishida yuqori tezlikdagi yangi liniya qurilishi rejalashtirilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasida xizmatlar sohasi va turizmni rivojlantirishda transport-logistika infratuzilmasini kengaytirish hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Prezidentning qayd etishicha, turistlar oqimining keskin ortishi aviatsiya va temiryo‘l transportida yo‘lovchi tashish quvvatini kamida ikki barobar oshirishni talab qilmoqda. Shu sababli ichki temiryo‘llarni modernizatsiya qilish bo‘yicha besh yillik dastur qabul qilinadi.
Dasturga muvofiq, 2026 yildan boshlab shaharlarni tez yuruvchi poyezdlar bilan bog‘lash maqsadida qo‘shimcha 500 km temiryo‘l qurilishi ko‘zda tutilgan. Bu mamlakatda ichki harakatlanishni sezilarli darajada tezlashtirishi kutilmoqda.
Kelgusi yilning o‘zida 110 km yangi temiryo‘l tramog‘i barpo etilib, Bo‘ka, Piskent, Bekobod, Boyovut tumanlari hamda Nurafshon shahri Toshkent bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lanadi.
Ayniqsa, «Toshkent–Samarqand» yo‘nalishida yuqori tezlikdagi yo‘lovchi poyezdlari uchun alohida yangi liniya qurilishi safar vaqtini qisqartirish, xizmat sifati va harakat xavfsizligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, yirik transport infratuzilmasi loyihalari doirasida Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva va Navoiy shaharlaridagi vokzallarni xususiy sheriklik asosida boshqaruvga berish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqiladi.





