add

Toshkent shahar hokimligi Bobur ko‘chasida kesilgan archalar yuzasidan bayonot berdi

27.10.2025 | 07:5815262

Poytaxt hokimligi Bobur ko‘chasidagi ko‘kalamzorlashtirish ishlari vaqtida ayrim archalar kesilishiga mas’ullar tomonidan e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yilganini ma’lum qildi.

Toshkent shahar hokimligi Bobur ko‘chasida kesilgan archalar yuzasidan bayonot berdi

Toshkent shahar hokimligi Bobur ko‘chasida olib borilayotgan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari doirasida kesilgan archalar bilan bog‘liq holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Bayonotda aytilishicha, ko‘cha bo‘ylab 83 tup piramidasimon g‘ujum (eliks) va 62 mingdan ortiq manzarali butalar ekish rejalashtirilgan. Ammo mavjud daraxtlarni ko‘chirish jarayonida mas’ul shaxslar talablarga to‘liq amal qilmagani qayd etilgan.

Hokimlik ma’lum qilishicha, mazkur hududda avval 145 tup atrofida archa bo‘lgan. Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, ularning ko‘p qismi kasallangan va qurib borayotgan edi. Shu sababli ularni ehtiyotkorlik bilan ko‘chirish rejalashtirilgan, ammo amalda bu talab bajarilmagan.

Hozir ushbu holat yuzasidan xizmat tekshiruvi boshlangan va uning natijalariga ko‘ra tegishli choralar ko‘rilishi ma’lum qilinmoqda. Hokimlik barcha ishlar shinam, xavfsiz va ekologik barqaror shahar muhitini yaratishga qaratilganini ta’kidladi.

Toshkent shahar hokimligi poytaxt aholisiga tabiat va yashil muhitni asrash masalasidagi faol fuqarolik pozitsiyasi uchun minnatdorlik ham bildirgan.

Avvalroq sobiq deputat, Ekologiya vazirining maslahatchisi Rasul Kusherbayev Toshkentning Yakkasaroy tumanida 144 tup daraxt moratoriy talablariga zid ravishda kesib tashlangani haqida xabar qilgan edi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 25 oktyabr tunida daraxtlar kesilayotgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, holat vazirlik inspeksiyasi tomonidan o‘rganilgan. Natijada, Nukus va Bobur ko‘chalari kesishmasidan boshlab Bobur ko‘chasi bo‘ylab jami 144 tup archa daraxti kesib tashlangani aniqlangan.

Guvohlarning aytishicha, bu ishlar Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov topshirig‘i bilan, o‘rniga yangi daraxtlar ekish maqsadida, tungi vaqtda amalga oshirilgan. Ammo bu prezident farmoniga binoan joriy etilgan moratoriy talablariga to‘liq zid hisoblanadi.

Ekologiya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, daraxtlarning noqonuniy kesilishi natijasida tabiatga 620 million so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan. Hujjatlar rasmiylashtirilib, aybdorlarni javobgarlikka tortish uchun prokuraturaga yuborilgan. 

Teglar

Mavzuga oid