
Toshkent shahar Soliq boshqarmasi bosh inspektori pora bilan ushlandi
Inspektor to‘qimachilik korxonasiga hisoblangan qo‘shimcha soliqni bekor qilib berishni va’da qilib, pora olgani aniqlandi.

Toshkent shahar Soliq boshqarmasining Soliq auditi bo‘limi bosh inspektoriga nisbatan pora olish aybi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda DXX xabar qildi.
Qayd etilishicha, bu ish Surxondaryo viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi mas’uliyati cheklangan jamiyatga nisbatan olib borilayotgan jinoyat ishi doirasida aniqlangan. Mazkur ish bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi Jinoyat kodeksining 167- va 184-moddalari asosida MCHJ mansabdorlariga nisbatan tergov harakatlarini olib bormoqda.
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Toshkent shahar Soliq boshqarmasi o‘tkazgan taftishda MCHJga 8,7 mlrd so‘m qo‘shimcha soliq hisoblangani ma’lum bo‘lgan. 15-sentabr kuni sud ushbu korxonada qayta tekshiruv o‘tkazish haqida ajrim chiqarganidan keyin, bosh inspektor MCHJ vakillariga qo‘shimcha soliqni bekor qilib berishini va’da qilgan. Buning evaziga 5 ming AQSH dollari olgani aniqlandi.
Inspektor qo‘shimcha soliqni bekor qilishni uddalay olmagan. Pora sifatida olgan pulini qaytarib berayotgan paytda DXX xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi «v» bandi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sud tomonidan unga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llangan va hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida IIB Tezkor-qidiruv xizmatining podpolkovnik va mayor xodimlari pora bilan ushlangani haqida xabar berilgandi.





