
Toshkent va Navoiyda mansabdorlar pora bilan qo‘lga olindi
Ohangaron tumanida fermerdan pora talab qilgan soliq inspektori ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Navoiyda esa sport maktabi rahbarlari murabbiyning xizmat safari pullaridan ulush talab qilganlikda ayblanmoqda.

Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent va Navoiy viloyatlarida mansabdor shaxslarning pora olish bilan bog‘liq qilmishlarini fosh etdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent viloyati soliq boshqarmasining sayyor tekshiruvlar bo‘limi katta inspektori Angren shahridagi fermer xo‘jaligidan 5 ming AQSH dollari pora talab qilgan. U tekshiruv natijalarini ijobiy hal qilish va keyingi bir yil ichida soliq organlari tomonidan qayta tekshiruv o‘tkazilmasligini ta’minlashni va’da qilgan. Inspektor Ohangaron tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir chog‘ida talab qilingan mablag‘ni olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Ikkinchi holat Navoiy viloyatida aniqlangan. Bolalar va o‘smirlar sport maktabi direktori hamda bosh hisobchisi murabbiyning xizmat safari pullaridan «ulush» so‘rashda gumon qilinmoqda. Ular 2025 yilning mart va may oylarida sportchilar bilan Toshkentda bo‘lgan musobaqalar uchun ajratilgan 40 million 722 ming so‘mdan 40 foizini — 16 million so‘mdan ortiq qismini pora sifatida talab qilgan.
Bosh hisobchi murabbiyning kartasiga 10 million so‘m o‘tkazib, shundan 3 million so‘mini shaxsan olayotgan vaqtida DXX va departament xodimlari tomonidan ushlangan.
Har ikki holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangan. Davlat organlari aholini qonunga xilof yo‘llardan yiroq bo‘lishga va har qanday korrupsiya holati haqida tegishli idoralarga xabar berishga chaqirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonda hokim o‘ribosari pora bilan qo‘lga tushganligi haqida xabar bergan edik.





