
Toshkent va Nyu-York o‘rtasida sheriklik bitimi tayyorlanmoqda
Toshkent shahar hokimi va Nyu-York shahri meri uchrashuvida shoharlarni rivojlantirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va strategik hamkorlikning kelgusi yo‘nalishlari muhokama etildi.

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov poytaxtga tashrif buyurgan Nyu-York shahri meri Erik Adams boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, suhbat davomida ikki shaharni rivojlantirishga doir dolzarb masalalar, infratuzilmani yangilash va boshqaruvda ilg‘or tajribalarni o‘rtoqlashish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar Toshkent va Nyu-York o‘rtasidagi hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha fikr almashdilar.
Uchrashuvda Shavkat Umurzoqov delegatsiyaga «Toshkentni 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi» haqida ma’lumot berdi. Uning doirasida «Yangi Toshkent» shaharsozlik dasturi, «Yangi avlod» sanoat zonasini barpo etish, shuningdek, yangi jamoat maskanlarini rivojlantirish kabi yirik loyihalar taqdim etildi. Shu bilan birga, transport tizimini takomillashtirish, logistika va kommunal xizmatlar sohasida olib borilayotgan islohotlar ham batafsil yoritildi.
Uchrashuvda Marriott, Wendy’s, Pepsi, DP World, VEOLIA va boshqa xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalarga ham to‘xtalib o‘tildi. Tomonlar bu kabi tashabbuslar Toshkent infratuzilmasini zamonaviylashtirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
Erik Adams O‘zbekistondagi yangilanish sur’atlarini yuqori baholar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarni katta hurmat bilan tilga oldi. U Toshkentning rivojlanish yo‘nalishini to‘g‘ri deb atadi va mahalliy hamda xalqaro hamkorlikka keng imkoniyatlar ochilayotganini qayd etdi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Toshkent va Nyu-York shaharlari o‘rtasida shoharlarni kompleks rivojlantirish, madaniyat, innovatsiyalar va iqtisodiyot yo‘nalishlarida uzoq muddatli hamkorlikni nazarda tutadigan sheriklik bitimini tayyorlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Avvalroq Nyu-York shahri meriga mahalliy tadbirkorlar o‘zbek qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Amerika bozoriga yirik hajmda yetkazib berish, eksportni diversifikatsiya qilish bo‘yicha takliflar bergani haqida xabar berilgandi.





