Logo

Toshkent viloyatida noqonuniy kumush savdosi fosh etildi

Bugun 10:252 daqiqa

Toshkent viloyatida 10 kilogrammdan ortiq kumushni 20,8 ming AQSH dollariga sotishga uringan shaxs ushlandi, tekshiruvlar davomida milliardlab so‘mlik qimmatbaho metallar ham aniqlangan.

Toshkent viloyatida noqonuniy kumush savdosi fosh etildi © DXX matbuot xizmati

Toshkent viloyatining Zangiota tumanida Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Bojxona organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qimmatbaho metallarning noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi.

Tergov materiallariga ko‘ra, Toshkent shahrida yashovchi 1992 yilda tug‘ilgan shaxs 13 dona quyma bo‘lakdan iborat bo‘lgan jami 10 kilogramm 35 gramm kumushni maxsus xaridorga 20,8 ming AQSH dollariga sotish vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan baholash natijalariga ko‘ra, musodara qilingan kumushning umumiy qiymati 235 million 229 ming so‘mni tashkil etgan.

Yashirin zaxiralar

Tergovga qadar tekshiruv jarayonida gumonlanuvchining zargarlik buyumlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat xodimi ekani ma’lum bo‘ldi.

Aniqlanishicha, mazkur korxonada oltin va kumush mahsulotlariga qayta ishlov berish ishlari amalga oshirilgan. Biroq korxona qimmatbaho metallarni affinaj qilish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun tegishli ruxsatnomaga ega bo‘lmagan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan qo‘shimcha tekshiruvlar davomida mazkur manzilda katta hajmdagi qimmatbaho metallar saqlanayotgani ham fosh etildi.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, obyektda umumiy qiymati 3 milliard 483 million so‘m bo‘lgan 58 kilogramm kumush hamda 2,2 kilogramm oltin mavjudligi aniqlangan.

Mutasaddilarning ma’lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda qimmatbaho metallarning kelib chiqishi, ularning saqlanishi va ehtimoliy noqonuniy aylanmasi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Toshkent viloyatida noqonuniy kumush savdosi fosh etildi | Vaqt.uz