
Toshkentda 50 sotix yerni 4 mln dollarga sotmoqchi bo‘lgan firibgarlar qo‘lga olindi
22.08.2025 | 15:505443
Mirzo Ulug‘bek tumanida ikki shaxs o‘zlariga tegishli bo‘lmagan yer maydonini sotishga uringan.

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida ikki shaxs o‘zlariga tegishli bo‘lmagan 50 sotix yerni 4 mln dollarga sotmoqchi bo‘lganda qo‘lga olingan. Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, qurilish ob’ektlarini loyihalash bilan shug‘ullanuvchi MCHJ ofis menejeri hamda maklerlik faoliyati bilan shug‘ullangan 1990 yilda tug‘ilgan fuqaro tadbirkorning ishonchiga kirgan.
Ular Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 50 sotix yerni 4 mln AQSH dollariga sotish bo‘yicha kelishib, avans sifatida 100 ming dollar talab qilgan. Shuningdek, yerni turar joy toifasiga o‘tkazish, kottejlar qurilishi uchun ruxsatnoma olish va tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish evaziga yana 200 ming dollar so‘rashgan.
Tezkor tadbir davomida firibgarlar tadbirkordan 200 ming dollar olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Holat yuzasidan ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Sud qaroriga ko‘ra, gumonlanuvchilar qamoqqa olindi. Tergov harakatlari davom etmoqda, ularning jinoiy sheriklari shaxsini aniqlash choralari ko‘rilmoqda.





