add

Toshkentda issiq suv va issiqlik ta’minoti qarzi 353 mlrd so‘mga yetdi

07.07.2025 | 10:4028483

Toshkent shahrida issiq suv va issiqlik ta’minoti bo‘yicha umumiy qarzdorlik 353 mlrd so‘mga yetdi. Aholining katta qismi sud chaqiruvini olmaguncha to‘lovlarni amalga oshirmayapti. Bu haqda Veolia Energy Tashkent kompaniyasi vakili Sevara Pardayeva ma’lum qildi.

Toshkentda issiq suv va issiqlik ta’minoti qarzi 353 mlrd so‘mga yetdi
2025 yil 1 iyun holatiga ko‘ra, Toshkent shahrida issiq suv va issiqlik ta’minoti bo‘yicha umumiy qarzdorlik 353 mlrd so‘mga yetdi. Malumotlarga ko‘ra, qarzdorlikning 278 mlrd so‘mi shahar aholisi hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Qolgan 75 mlrd so‘m byudjet tashkilotlari va yuridik shaxslarga tegishli. Sevara Pardayevaning ta’kidlashicha, kompaniya qarzlarni undirish uchun 90 foiz iste’molchilarni sudga berishga majbur bo‘lmoqda. «Ko‘pchilik sud qog‘ozi kelmaguncha issiq suv uchun pul to‘lashni o‘ylamaydi. Agar aholi to‘lovni amalga oshirmasa, 60 kun kutib, qarzni sudga beramiz. Suddan keyin ish Majburiy ijro byurosiga o‘tadi va pulni undirish 6-8 oy vaqt oladi. Bu holat quvurlarni ta’mirlash va boshqa ishlarimizga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda», dedi u. Hozirgi kunda shaharning ayrim hududlariga 11,5 mingta onlayn hisoblagichlar o‘rnatilgan va joriy yil oxirigacha yana 75 mingta o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Bu ishlar asosan Mirzo Ulug‘bek, Olmazor va Sergeli tumanlarida amalga oshiriladi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Toshkentda issiq suv va issiqlik ta’minoti iste’molchilari soni 450 mingta bo‘lib, umumiy hisoblagichlar soni 600 mingtaga yetgan. Ularning 90 foizi aholi hisoblanadi. Veolia Energy Tashkent vakillari qarzdorlikni kamaytirish maqsadida elektron hisoblagichlar o‘rnatishni davom ettirishlarini ma’lum qilgan. Biroq, bu hisoblagichlar faqat qarzdorlik yuqori bo‘lgan tumanlarda joriy qilinadi.

Teglar

Mavzuga oid