add

Toshkentda Madina Qosimboyeva nomidagi kashtachilik maktab-ustaxonasi ochildi

26.10.2025 | 22:002761

«Suzuk ota» hunarmandlar mahallasida tashkil etilgan yangi ijodiy makonda yosh qizlarga milliy kashtachilik an’analarini o‘rganish, ijod qilish va mustaqil faoliyat yuritish imkoniyati yaratildi.

Toshkentda Madina Qosimboyeva nomidagi kashtachilik maktab-ustaxonasi ochildi

Kecha Toshkent shahridagi «Suzuk ota» hunarmandlar mahallasida Madina Qosimboyeva nomidagi kashtachilik maktab-ustaxonasi ochildi. Yangi ijodiy maydon bir vaqtning o‘zida o‘quv markazi, ustaxona va galereya vazifasini bajaradi.

Maktabning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ishtirok etdi.

Mazkur maktab uchun yer maydoni O‘zbekiston Prezidentining topshirig‘iga muvofiq ajratilgan bo‘lib, loyiha milliy kashtachilik an’analarini saqlab qolish va rivojlantirish, shu bilan birga qizlarga o‘qish, ilhomlanish va mustaqil ijod qilish imkoniyatini yaratishga qaratilgan.

Madina Qosimboyeva o‘zining noyob iste’dodi, mehnatsevarligi va san’atga sadoqati bilan Toshkent so‘zanado‘zlik maktabiga yangi hayot bag‘ishlagan hunarmand sifatida e’tirof etildi. Uning faoliyati orqali milliy naqsh va bezaklar zamonaviy ijodiy yo‘nalishlar bilan uyg‘unlashib, yangi avlod qo‘lida davom etmoqda.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar milliy hunarmandchilikni qayta tiklash va yoshlarni ana shu sohada tarbiyalash mamlakat madaniy siyosatining muhim yo‘nalishi ekanini ta’kidlab o‘tishdi. Yangi ustaxonada yosh dizaynerlar va kashtachi qizlar uchun mahorat darslari, ko‘rgazmalar hamda amaliy san’at bo‘yicha kurslar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Madina Qosimboyevaga milliy merosni saqlab qolish va uni yangi avlodga yetkazishdagi xizmati uchun alohida minnatdorlik bildirildi.

Teglar

Mavzuga oid