add

Toshkentda nechta maktab va bog‘cha yetishmayotganligi aytildi

Bugun 16:152562 daqiqa

Aholi o‘sishi ortidan poytaxtda maktab, bog‘cha va sport inshootlariga ehtiyoj keskin oshgan.

Toshkentda nechta maktab va bog‘cha yetishmayotganligi aytildi

Toshkent shahrida aholining yillik o‘sishi tufayli ta’lim va sport infratuzilmasiga bo‘lgan ehtiyoj jiddiy darajaga yetdi. Hozirgi hisob-kitoblarga ko‘ra, poytaxtda 75 ta maktab va bolalar bog‘chasi hamda 23 ta sport inshooti yetishmayapti. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-dekabr kuni poytaxtni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Davlat rahbari ta’kidlaganidek, mavjud maktab va bog‘chalarda o‘rinlar tanqisligi 100 ming nafardan ortiq bolani qamrab olmoqda. Bu holat ta’lim sifatini saqlab qolish va bolalarni to‘liq qamrab olish uchun yangi ob’ektlar qurilishini tezlashtirishni talab qiladi.

Shu munosabat bilan prezident tuman hokimlariga aniq vazifalar yukladi. Unga ko‘ra, har bir tuman hokimi o‘z hududida mablag‘ jalb qilish orqali har yili bittadan maktab, bolalar bog‘chasi va sport inshootini qurishi shart. Qolgan ob’ektlar esa davlat investitsiya dasturlari orqali barpo etiladi.

Rejaga muvofiq, investitsiya dasturlari doirasida qo‘shimcha ravishda 15 ta maktab va bolalar bog‘chasi hamda 11 ta sport inshooti qurilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, kelgusi yil infratuzilma loyihalariga davlat kafolatisiz xorijiy manbalardan yana 300 million dollar jalb qilish muhimligi qayd etildi.

Yig‘ilishda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan «Toshkent tajribasi» loyihasi natijalari ham muhokama qilindi. Joriy yilda har bir tumanda bitta maktabda joriy etilgan ushbu loyiha doirasida 7–11-sinflarda IT, tibbiyot, biznes va muhandislik yo‘nalishlarida tahsil olayotgan 1500 nafar o‘quvchi saralab olingan.

O‘quvchilarning natijalariga qarab, ularga dars berayotgan o‘qituvchilarga oyiga 20 million so‘mgacha qo‘shimcha maosh to‘lash tizimi joriy etilgan. Prezident ushbu tajribani kengaytirishni topshirib, kelgusi yil bunday maktablar sonini 24 taga, 2027 yilga borib esa 33 taga yetkazish vazifasini qo‘ydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026 yildan ta’lim infratuzilmasini saqlash va yangilashga oid asosiy xarajatlar markazdan emas, mahalliy byudjetlar hisobidan qoplanishi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid