
Tramp Maduroni ag‘darmoqchi, lekin resurs yetarli emas — CNN
AQSH Venesueladagi hokimiyatni kuch bilan o‘zgartirishga tayyor emas. Bunga harbiy imkoniyatlar yetarli emasligi bosh sabab.

AQSH ayni paytda Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni ag‘darish maqsadida keng ko‘lamli harbiy operatsiya o‘tkazish uchun yetarli resurslarga ega emas. Bu haqda vaziyatdan boxabar manbalar va mutaxassislar CNN telekanaliga ma’lum qilgan.
Donald Tramp so‘nggi bayonotida Venesuela hududiga zarbalar mumkinligini ta’kidlagan bo‘lsa-da, ekspertlar bu amaliyotning oqibatlari og‘ir bo‘lishini aytmoqda. Ularga ko‘ra, Maduro rejimi ag‘darilsa, mamlakatda harbiy to‘ntarish yoki rejimning yanada qattiqqo‘l qanoti mustahkamlanishi mumkin. Shuningdek, AQSH ichkarisida ham Trampga qarshi tanqidlar kuchayishi ehtimoldan xoli emas — u saylov kampaniyasida xorijdagi yangi urushlardan qochishga va’da bergandi.
Vashington Maduroni jinoiy guruhlar, xususan Tren de Aragua bilan aloqador deb hisoblaydi va uni narkotrafikda ishtirok etishda ayblamoqda. Ammo mutaxassislar prezidentni olib tashlash Venesuelada fuqarolik urushiga sabab bo‘lishi mumkinligini ogohlantirmoqda — chunki Maduro rejim ichidagi turli siyosiy va harbiy guruhlarni birlashtirib turgan asosiy shaxsdir.
Tramp ma’muriyati muxolifat yetakchilari — Edmund Gonsales va Mariya Korina Machadoni qo‘llab-quvvatlash masalasini ham ko‘rib chiqmoqda. Ammo mutaxassislar ta’kidlashicha, AQSHdan uzoq muddatli yordam, jumladan xavfsizlikni kafolatlashsiz, muxolifat hokimiyatni mustahkam ushlab turishi qiyin bo‘ladi.
Hodisalar fonida yana bir xavotirli omil — Venesuelani Rossiya, Xitoy va Kuba qo‘llab-quvvatlayotganidir. CNN xabariga ko‘ra, ushbu mamlakatlarga tegishli ob’ektlarga ehtimoliy zarbalar butun mintaqadagi muvozanatni izdan chiqarishi mumkin.
17-noyabr kuni Tramp matbuot anjumanida Venesuela muzokaralarga tayyor ekanini va ehtimol, AQSH buni ko‘rib chiqishini aytdi. Reuters agentligining yozishicha, Maduro hukumati Karib havzasida AQSHning harbiy faolligi kuchaygan bir paytda Vashingtonning bosimi ostida qolmoqda.
Avvalroq, Venesuela prezidenti Nikolas Maduro rejimining ag‘darilishi ehtimoli ortib borar ekan, u Kuba yoki Rossiyaga qochish ehtimoli borligi haqida xabar bergan edik.





