add

Tramp nodir metallar strategik zaxirasini yaratish uchun fond tuzyapti

Bugun 11:352 daqiqa

Loyiha uchun dastlabki moliyalashtirish hajmi 12 mlrd dollarni tashkil etadi. Fond tuzishdan asosiy maqsad milliy iqtisodiyotning Xitoydan metallar importiga bo‘lgan qaramligini sezilarli darajada kamaytirishdir.

Tramp nodir metallar strategik zaxirasini yaratish uchun fond tuzyapti

AQSH prezidenti Donald Tramp muhim ahamiyatga ega minerallardan strategik zaxira yaratish bo‘yicha yirik tashabbusni ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Loyiha uchun dastlabki moliyalashtirish hajmi 12 milliard dollarni tashkil etadi. Loyihaning asosiy maqsadi – Amerika ishlab chiqaruvchilarini ta’minot zanjirlaridagi keskin uzilishlardan himoya qilish hamda milliy iqtisodiyotning Xitoydan nodir yer metallari va boshqa metallar importiga bo‘lgan qaramligini sezilarli darajada kamaytirishdir. Bu haqda kecha, 2-fevral kuni «Bloomberg» agentligi xabar qildi.

«Project Vault» deb nom olgan yangi tuzilma 1,67 milliard dollar xususiy kapitalni hamda AQSH Eksport-import banki (Ex-Im Bank) tomonidan ajratiladigan rekord darajadagi 10 milliard dollarlik kreditni birlashtiradi. Bank direktorlar kengashi ushbu 15 yillik kreditni tez orada tasdiqlashi kutilmoqda. Ushbu moliyalashtirish hajmi «Ex-Im Bank» tarixidagi eng yirik bitimdan ikki barobardan ortiqdir.

Loyihaga allaqachon o‘ndan ortiq sanoat gigantlari qo‘shilgan. Ular orasida:

«General Motors Co.»;

«Stellantis NV»;

«Boeing Co.»;

«Corning Inc.»;

«GE Vernova Inc.»;

«Google (Alphabet Inc.)».

Xomashyo xaridi bilan esa uchta yetakchi savdo uyi shug‘ullanadi: «Hartree Partners LP», «Traxys North America LLC» va «Mercuria Energy Group Ltd».

Zaxirada nima saqlanadi?

Mohiyatan, tashabbus AQSH Strategik neft zaxirasini eslatadi, biroq u faqat mudofaa ehtiyojlari uchun emas, balki fuqarolik sohasi uchun mo‘ljallangan. Omborlarda «iPhone», akkumulatorlar, reaktiv dvigatellar kabi yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan resurslar jamlanadi. Gap kamyob yer metallari, shuningdek, galliy, kobalt va narxlari yuqori darajada o‘zgaruvchan bo‘lgan boshqa elementlar haqida bormoqda.

Fond tashkil etilishi haqidagi xabar allaqachon Amerika konchilik kompaniyalari aksiyalarining oldingi savdolarda o‘sishiga sabab bo‘ldi. Xususan, «USA Rare Earth Inc.», «Critical Metals Corp.», «United States Antimony Corp.» va «NioCorp Developments Ltd.» aksiyalari qimmatlashdi.

Biznesni himoya qilish mexanizmi

«Project Vault» ishtirokchi kompaniyalarga o‘z xavf-xatarlarini sug‘urtalash imkonini beradi, buning uchun ularga ulkan shaxsiy omborlarni saqlash shart bo‘lmaydi. Dastlabki badalni to‘lab, xizmat haqi to‘laydigan ishlab chiqaruvchilar zarur materiallar uchun ariza topshirishlari mumkin bo‘ladi.

Mexanizmga ko‘ra, kompaniyalar ombordan materiallarni olishlari mumkin, biroq keyinchalik zaxirani to‘ldirish majburiyati saqlanib qoladi. Agar global ta’minot zanjirlarida jiddiy uzilishlar yuz bersa, ular zaxiralarga to‘liq kirish huquqiga ega bo‘ladi. Bu esa narxlarni barqarorlashtirishga va Rossiyaning Ukrainaga to‘liq miqyosda bostirib kirishidan keyin nikel narxlarida kuzatilgan keskin sakrashga o‘xshash holatlardan korporatsiyalar moliyaviy holatini asrashga xizmat qiladi.

Teglar

Mavzuga oid