add

Turkiya Tramp sanksiyalaridan keyin Rossiya neftidan voz kecha boshladi

AQSH prezidenti Moskvaga qarshi joriy etgan yangi sanksiyalardan keyin Turkiyaning yirik neft qayta ishlash zavodlari Rossiya neft mahsulotlarini boshqa davlatlar xomashyosi bilan almashtira boshladi.

Turkiya Tramp sanksiyalaridan keyin Rossiya neftidan voz kecha boshladi

Vashingtonning Rossiyaga qarshi yangi cheklovlaridan so‘ng Turkiyaning katta neft qayta ishlash korxonalari Rossiya neftdan voz kechib, boshqa davlatlardan xomashyo olishga o‘tdi. Bu haqda Reuters agentligi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiyadagi eng yirik zavodlardan biri — Ozarboyjonga tegishli SOCAR kompaniyasining SOCAR Turkey Aegean Refinery (STAR) zavodi — dekabr oyi uchun Iroq, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlardan to‘rtta partiya neft sotib oldi. Bu miqdor kunlik 77 mingdan 129 ming barrelgacha bo‘lib, zavoddagi rossiyalik neft ulushini keskin kamaytiradi. Sentyabr va oktyabr oylarida STAR zavodida qayta ishlangan kunlik 210 ming barrel neftning deyarli barchasi Rossiyadan kelgan edi.

Turkiyadagi yana bir yirik kompaniya — Tupras ham Rossiyadan tashqari manbalardan neft xarid qilishni ko‘paytirdi. Reuters manbalariga ko‘ra, kompaniyaning bir zavodi yaqin vaqtda Rossiya neftni qayta ishlashni to‘liq to‘xtatadi, chunki Yevropaga eksportda sanksiya qoidalarini buzmaslik kerak. Tupras ilk bor Braziliyadan neft sotib oldi, noyabr boshida esa Angolaning Mostarda navli neft partiyasini qabul qilishi kutilmoqda.

Kpler ma’lumotlariga ko‘ra, noyabr oyida Turkiya Iroqdan kunlik 141 ming barrel neft olishi rejalashtirilgan — bu oktyabrdagi 99 ming va yillik o‘rtacha 80 ming barrel ko‘rsatkichidan ancha yuqori. Yanvardan oktyabrgacha mamlakat umumiy 669 ming barrel neft import qilgan bo‘lib, shundan 317 ming barreli (47 foizi) Rossiyaga to‘g‘ri kelgan. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 580 ming barreldan 333 ming barrelni tashkil etgan.

Turkiya, Xitoy va Hindiston bilan birga, Rossiya neftining so‘nggi asosiy xaridorlaridan biri hisoblanadi. Reuters ta’kidlashicha, turk zavodlarining bu qarorlari AQSH, YeI va Britaniyaning Rossiya neft savdosini cheklash va uni Ukrainadagi urushni moliyalashtirishda foydalanishning oldini olishga qaratilgan sa’y-harakatlaridan ta’sirlangan.

22 oktyabrda AQSH prezidenti Donald Tramp Kremlning urushni to‘xtatishdan bosh tortganidan so‘ng «Rosneft», «Lukoyl» va ularning 34 ta shu’ba kompaniyalariga qarshi sanksiyalar joriy etgan edi. AQSH Moliya vazirligi operatsiyalarni to‘xtatish uchun bir oylik muhlat berdi.

Bu qarordan keyin Hindistondagi bir nechta NQIZ — Mangalore Refinery and Petrochemicals, HPCL-Mittal Energy va Reliance Industries ham Rossiya neft xaridini to‘xtatdi. Indian Oil Corp moliya direktori Anuy Jayn esa kompaniya sanksiya talablariga zid bo‘lmagan holda neft olishni davom ettirishini ma’lum qildi.

Teglar

Mavzuga oid

Turkiya Tramp sanksiyalaridan keyin Rossiya neftidan voz kecha boshladi | Vaqt.uz