add

Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida ta’lim sohasida hamkorlik protokoli imzolandi

Bugun 14:11662

Samarqandda o‘tayotgan UNESCOning 43-Bosh konferensiyasi doirasida Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida imzolangan yangi protokol ikki mamlakat ta’lim tizimini yaqinlashtirish va uzoq muddatli hamkorlikni nazarda tutadi.

Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida ta’lim sohasida hamkorlik protokoli imzolandi

Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan UNESCOning 43-Bosh konferensiyasi doirasida Turkiya milliy ta’lim vaziri Yusuf Tekin va O‘zbekiston maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova uchrashib, ikki davlat o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalasini muhokama qildi.

Uchrashuvda Yusuf Tekin Turkiya xalqi, xususan, turkiy davlatlar orasida O‘zbekistonga bo‘lgan chuqur hurmat va mehrni ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda yoshlar soni juda yuqori bo‘lib, aholining deyarli uchdan biri maktablarda tahsil olayotgani mamlakat kelajagi uchun muhim ko‘rsatkich hisoblanadi.

«Biz Turkiya Respublikasi Milliy ta’lim vazirligi sifatida O‘zbekiston bilan har tomonlama hamkorlikka ochiqmiz. Bu faqat mening emas, balki prezidentimiz Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ham umumiy xohishidir», — dedi Tekin.

U ta’kidlashicha, Turkiya ta’lim tizimi bugun jahon standartlariga mos darajada. OECD va UNDP hisobotlariga ko‘ra, mamlakat ta’lim infratuzilmasi, raqamli texnologiyalardan foydalanish va o‘qituvchilar soni bo‘yicha yetakchi o‘rinlarda turibdi. Shu sababli Turkiya O‘zbekiston bilan tajriba almashish va o‘quv dasturlarini boyitishga tayyorligini bildirdi.

Tekin, shuningdek, 2026 yil iyun oyida Istanbulda bo‘lib o‘tadigan «Ta’lim texnologiyalari sammiti» hamda «I Ta’lim diplomatiyasi forumi»ga E’zozxon Karimovani taklif qildi.

O‘z navbatida, vazir E’zozxon Karimova Turkiya bilan hamkorlikdan mamnun ekanini bildirib, ta’lim sohasidagi qo‘shma loyihalar, mutaxassislar almashinuvi va o‘quv dasturlarini birgalikda ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida ikki davlat vazirlari — Yusuf Tekin va Ezozxon Karimova ta’lim sohasidagi munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan hamkorlik protokoliga imzo chekdi. Hujjat ta’lim muassasalari uchun yer ajratish, ularni qurish, jihozlash va boshqarish sohalarida hamkorlikni nazarda tutadi.

1 noyabrdan kuchga kirgan protokol muddatsiz amal qiladi hamda Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ta’lim, madaniyat va sport sohalaridagi diplomatik aloqalarga yangi bosqich bag‘ishlaydi.

Teglar

Mavzuga oid

Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida ta’lim sohasida hamkorlik protokoli imzolandi | Vaqt.uz