add

Turkiyada 6,1 ballik zilzila sodir bo‘ldi

28.10.2025 | 10:001391

Turkiyaning Sindirgi shahrida 6,1 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Zilzila kuchi Istanbul va Izmirda ham sezilgan.

Turkiyada 6,1 ballik zilzila sodir bo‘ldi

27 oktyabr kuni Turkiyaning Balikesir viloyatiga qarashli Sindirgi shahrida 6,1 magnitudali zilzila qayd etildi. Bu haqda mamlakatning Tabiiy ofatlar va favqulodda holatlar agentligi (AFAD) ma’lum qildi. (https://deprem.afad.gov.tr/last-earthquakes)

Yer silkinishi mahalliy vaqt bilan soat 22:48 da, ya’ni Toshkent vaqti bilan 28 oktyabr 00:48 da sodir bo‘lgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, zilzila o‘chog‘i yer yuzasidan taxminan 6 kilometr chuqurlikda joylashgan. Tabiiy ofat natijasida uchta turar joy binosi va bir necha do‘kon vayron bo‘lgan.

Qutqaruv va tibbiy yordam guruhlari hozirda jabrlangan hududda faol ish olib bormoqda.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, zilzila nafaqat Balikesir, balki qo‘shni viloyatlarda ham sezilgan. U hukumat tomonidan tezkor yordam guruhlari yuborilganini va aholi xavfsizligini ta’minlash choralari ko‘rilayotganini ta’kidladi.

AFAD ma’lumotlariga ko‘ra, asosiy zilziladan keyin 102 ta qo‘shimcha yer silkinishi — aftershok qayd etilgan. Ulardan eng kuchlisi 4,3 magnitudaga yetgan. Yer silkinishi natijasida jami 22 kishi turli darajada jarohat olgan, shulardan 18 nafariga joyida tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil fevral oyida Turkiyada Rixter shkalasi bo‘yicha 7,5 ballik kuchli zilzilalar ro‘y bergan edi. Oqibatda 11 ta provinsiya va qo‘shni davlatlar zarar ko‘rgan, 50 mingdan ortiq inson halok bo‘lgan edi. Mutaxassislar fikricha, 2030 yilgacha bu mintaqada yana shunday kuchli zilzilalar ehtimoli yuqori bo‘lib qolmoqda.

Mavzuga oid