add

«Tuzum o‘zgarishi shart»: Tramp va Rubio Kubani tiz cho‘ktiryapti

Kecha 15:456 daqiqa

Venesuela prezidenti Maduroning o‘g‘irlanishi va Vashingtonning qat’iy blokadasi Karib havzasidagi 11 million aholini zulmatga mahkum qildi. Tramp ma’muriyati «muvaffaqiyatsiz millat» deb atayotgan Kuba AQSH bosimiga yana qancha vaqt dosh bera oladi?

«Tuzum o‘zgarishi shart»: Tramp va Rubio Kubani tiz cho‘ktiryapti

AQSHning neft blokadasi Kubada og‘ir energetik inqirozni keltirib chiqardi. Natijada hukumat yoqilg‘i iste’molini me’yoriy darajaga keltirishga va elektr ta’minotini kuniga bir necha soatlab uzishga majbur bo‘ldi. Bu esa kommunistik tuzum boshqaruvidagi 11 millionli aholi hayotini falaj qilib qo‘ydi.

Avtobus bekatlari bo‘shab qolgan, oilalar esa ovqat pishirish uchun o‘tin va ko‘mirdan foydalanishga o‘tmoqda. So‘nggi haftalarda Tramp ma’muriyati tomonidan ko‘rilgan choralar tufayli yanada chuqurlashgan iqtisodiy inqiroz va deyarli doimiy elektr uzilishlari odamlar turmushini qiyinlashtirmoqda.

Prezident Migel Dias-Kanel Oq uy tomonidan rejimni o‘zgartirish haqidagi tahdidlar yangrayotgan bir paytda, ish soatlarini qisqartirishdan tortib yoqilg‘i savdosini cheklashgacha bo‘lgan qat’iy favqulodda choralarni joriy etdi.

Yanvar oyida AQSH kuchlari Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni o‘g‘irlab ketgani hamda Gavanani yakkalab qo‘yish va uning iqtisodiyotini bo‘g‘ish uchun bosimni kuchaytirganidan buyon Karib havzasi mintaqasida vaziyat nihoyatda keskinlashgan. Kubaning mintaqadagi eng yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Venesuela mamlakatni hayotiy zarur yoqilg‘i bilan ta’minlab kelayotgan edi.

Xo‘sh, Kubadagi vaziyat aslida qanchalik og‘ir? AQSH prezidenti Donald Tramp Gavanadan nima xohlaydi? Va Kuba bu bosimlarga yana qancha vaqt bardosh bera oladi?

Kuba favqulodda choralar ko‘ryapti

Ushbu inqirozda AQSHni ayblagan Kuba bosh vaziri o‘rinbosari Oskar Peres-Oliva Fraga davlat telekanali orqali chiqish qilib, aholiga «yoqilg‘i resurslari cheklangan sharoitda mamlakatning hayotiy muhim funksiyalari va asosiy xizmatlarini saqlab qolish»ga qaratilgan favqulodda choralar haqida ma’lumot berdi.

Endi Kuba davlat korxonalari to‘rt kunlik ish haftasiga o‘tadi, viloyatlararo transport qatnovi cheklanadi, asosiy turizm obektlari yopiladi, maktablarda dars soatlari qisqartiriladi va universitetlarda darslarga bevosita qatnashish talablari yumshatiladi.

«Yoqilg‘i aholi uchun zarur bo‘lgan xizmatlarni va o‘ta muhim iqtisodiy faoliyat turlarini himoya qilishga yo‘naltiriladi. Bu biz uchun ham imkoniyat, ham sinovdir va biz buni, shubhasiz, yengib o‘tamiz. Biz aslo taslim bo‘lmaymiz», — dedi Peres-Oliva.

Hukumatning bildirishicha, mavjud yoqilg‘i birinchi navbatda eng muhim sohalarga — sog‘liqni saqlash, oziq-ovqat ishlab chiqarish va mudofaaga ajratiladi. Shuningdek, quyosh energiyasiga asoslangan qayta tiklanuvchi energiya tarmog‘ini rivojlantirish va bu borada imtiyozlar berish choralari kuchaytiriladi. Energiyani ayrim oziq-ovqat ishlab chiqarish hududlariniga yo‘naltirish va muqobil energiya manbalaridan foydalanishni jadallashtirish bilan birga, madaniy va sport tadbirlari qisqartirilib, resurslar mamlakatning erta ogohlantirish tizimlariga sarflanadi.

AQSH nima sababdan Kubaga neft yetkazib berishni to‘sib qo‘ydi?

Karib havzasidagi eng yirik orol-davlat bo‘lmish Kubaga qarshi o‘n yillar davomida qo‘llanib kelayotgan AQSHning qat’iy iqtisodiy sanksiyalari mamlakat iqtisodiyotini yakson qildi va uni xalqaro savdodan uzib qo‘ydi. Kuba neft yetkazib berishda Meksika, Rossiya va Venesuela kabi xorijiy ittifoqchilariga tayanib kelayotgan edi.

Biroq, AQSH kuchlari Venesuela prezidenti Maduroni o‘g‘irlab ketganidan so‘ng, Vashington Venesuela neftining Kubaga boradigan yo‘llarini to‘sib qo‘ydi. Tramp hozirda Kuba hukumati qulash arafasida ekanini aytmoqda.

Tramp davrida Vashington o‘zi hukmronlik qilmoqchi bo‘lgan G‘arbiy yarim sharga e’borini qaratdi. Venesueladagi harbiy harakatlar, Grenlandiyani egallab olish va’dasi va Kubadagi hukumatni o‘zgartirishga urinishlar ushbu yangi siyosatning bir qismidir.

O‘tgan oyda Tramp Kubani milliy xavfsizlikka tahdid deb e’lon qiluvchi ijroiya farmonini imzoladi. Unga ko‘ra, ushbu orol-davlatga neft sotgan yoki yetkazib bergan har qanday davlatga nisbatan bojlar joriy etiladi. Meksika hukumatiga o‘tkazilgan qo‘shimcha bosimlar natijasida Kubadagi neft zaxiralari rekord darajadagi eng past ko‘rsatkichga tushgani aytilmoqda.

«Aftidan, u (Kuba) shunchaki yashab qolishga qodir emas. Bu muvaffaqiyatsizlikka uchragan millatdir», — dedi Tramp yanvar oyida muxbirlarning Kuba iqtisodiyoti haqidagi savollariga javob berar ekan.

O‘z navbatida Gavana AQSH xavfsizligiga tahdid solayotgani haqidagi ayblovlarni rad etdi. O‘tgan haftada Kuba Tashqi ishlar vazirligi muloqotga chaqiruvchi bayonot bilan chiqdi.

«Kuba va Amerika xalqlari konstruktiv muloqot, qonuniy hamkorlik va tinch-totuv yashashdan manfaatdor. Kuba AQSH hukumati bilan o‘zaro manfaatlar va xalqaro huquq normalari asosida, aniq natijalarga yo‘naltirilgan hurmat va teng huquqlilikka asoslangan muloqotni davom ettirishga tayyorligini yana bir bor tasdiqlaydi», — deyiladi vazirlikning 2-fevraldagi bayonotida.

Trampning Kubadagi maqsadlari noaniqligicha qolmoqda; shunga qaramay, AQSH rasmiylari bir necha bor u yerda hukumat o‘zgarishini ko‘rishni istashlarini ta’kidlagan.

«Biz u yerdagi tuzum o‘zgarishini xohlaymiz. Bu biz o‘zgarish qilamiz degani emas, lekin o‘zgarish ko‘rishdan mamnun bo‘lar edik», — degan AQSH davlat kotibi Marko Rubio. Kelib chiqishi kubalik bo‘lgan Rubio Tramp ma’muriyatidagi eng nufuzli shaxslardan biri hisoblanadi.

«Rubio vakillik qilayotgan Amerika-Kuba lobbisi bugungi kunda AQSHdagi eng qudratli tashqi siyosat lobbi guruhlaridan biridir», — dedi Gavanadagi mustaqil jurnalist Ed Avgustin Al Jazeera’ga bergan intervyusida. «Trampning yangi ma’muriyatida kelib chiqishi kubalik bo‘lgan amerikaliklarning misli ko‘rilmagan darajada ko‘pligi sababli, lobbichilarning o‘zi siyosatni belgilovchi shaxslarga aylandi», — deya qo‘shimcha qildi u Rubioning ushbu lobbi ustidan mustahkam nazorat o‘rnatganini ta’kidlab.

«Bu gumanitar inqirozga aylanishi shart emas. Menimcha, ular bizning oldimizga kelib, kelishuv tuzishni xohlashadi. Shunda Kuba yana ozod bo‘ladi», — dedi Tramp 31-yanvar kuni jurnalistlarga. U Vashington Kuba bilan kelishuvga tayyorligini aytdi, biroq bu kelishuv nimalardan iborat ekaniga oydinlik kiritmadi.

AQSH va Kuba munosabatlari tarixi

1959 yilgi Kuba inqilobi natijasida Fidel Kastro AQSH tarafdori bo‘lgan rejimni ag‘darganidan buyon, mamlakat AQSH embargosi ostida qolmoqda. O‘n yillab davom etgan sanksiyalar Kubaning jahon bozorlariga chiqish imkoniyatini bo‘g‘ib qo‘ydi, bu esa hatto dori-darmon ta’minotini ham qiyinlashtirdi.

Kastro AQSHga tegishli mulklarni, xususan, neft sektorini davlat tasarrufiga o‘tkazdi. Bunga Vashington savdo cheklovlari bilan javob berdi va ko‘p o‘tmay bu cheklovlar bugungi kungacha Kuba iqtisodiyotiga putur yetkazayotgan to‘laqonli iqtisodiy qamalga aylandi. Shuningdek, AQSH Gavana bilan diplomatik aloqalarni uzdi. Oradan uch yil o‘tib yuz bergan raketa inqirozi Vashington va Kubaning o‘sha paytdagi ittifoqchisi bo‘lgan SSSRni yadro urushi yoqasiga olib keldi.

2014 yilda, oradan 50 yil o‘tib, Vashington va Gavana o‘rtasidagi aloqalar qayta tiklandi. Ikki yil o‘tgach, AQSH prezidenti Barak Obama Raul Kastro bilan uchrashish uchun Gavanaga tashrif buyurdi.

Biroq 2017 yilda, o‘zining birinchi prezidentlik muddati davomida Tramp ushbu tarixiy qadamni yo‘qqa chiqardi. O‘shandan beri AQSH Kubaga qarshi qator sanksiyalarni, ayniqsa iqtisodiy cheklovlarni qayta joriy etdi, bu esa orol-davlat tarixidagi eng og‘ir iqtisodiy inqirozlardan biriga olib keldi. 2025 yil yanvaridagi inauguratsiyasidan bir necha soat o‘tar-o‘tmas, Tramp avvalgi ma’muriyatning Gavana bilan hamkorlik qilish siyosatini butkul to‘xtatdi.

Kuba yana qancha vaqt dosh bera oladi?

Ma’lumotlarga ko‘ra, yanvar oyiga qadar Meksika Kubaning asosiy neft yetkazib beruvchisi bo‘lib kelgan — u jami neft importining qariyb 44 foizini ta’minlagan. Undan keyingi o‘rinlarni Venesuela (33 foiz), Rossiya (taxminan 10 foiz) va oz miqdorda Jazoir egallagan.

Kpler kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 30-yanvar holatiga ko‘ra, Kubada joriy iste’mol darajasidan kelib chiqilsa, atigi 15-20 kunga yetadigan neft zaxirasi qolgan. Hozirda Kubaning xom neftga bo‘lgan kunlik ehtiyoji o‘rtacha 100 000 barrelni tashkil etadi.

BMT Kuba inqirozi haqida nima dedi?

«Bosh kotib Kubadagi gumanitar vaziyatdan nihoyatda xavotirda. Agar mamlakatning neftga bo‘lgan ehtiyoji qondirilmasa, vaziyat yanada yomonlashadi, hatto butunlay halokatga yuz tutishi mumkin», — dedi Birlashgan Millatlar Tashkiloti matbuot kotibi Stefan Dyujarrik jurnalistlarga bergan bayonotida.

Dyujarrikning ta’kidlashicha, BMT Bosh Assambleyasi 30 yildan ortiq vaqt davomida AQSH tomonidan Kubaga qo‘yilgan embargoni to‘xtatishga izchil chaqirib kelmoqda. Shuningdek, u BMT barcha tomonlarni muloqotga kirishishga va xalqaro huquq normalarini hurmat qilishni undashini qo‘shimcha qildi.

BMTning Gavanadagi vakolatxonasi xabariga ko‘ra, kubaliklarning mutlaq ko‘pchiligi muntazam elektr uzilishlaridan aziyat chekmoqda, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami esa keskin ortib bormoqda.

Teglar

Mavzuga oid