add

Tyanjindan Toshkentga temiryo‘l ochildi: masofalar qisqarmoqda, sarmoyalar ortmoqda

22.05.2025 | 08:0043744

Xitoyning yirik Tyanjin portidan Toshkentga ilk yuk poyezdi yo‘lga chiqdi. Bu yangi temiryo‘l yo‘nalishi yuk tashish masofasini qisqartirar ekan, logistika xarajatlari va vaqtni tejash orqali mintaqaviy savdo va sarmoya oqimini sezilarli darajada faollashtirishi kutilmoqda.

Tyanjindan Toshkentga temiryo‘l ochildi: masofalar qisqarmoqda, sarmoyalar ortmoqda
«O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi ma’lum qilishicha, Tyanjin portidan Toshkentga temiryo‘l orqali ilk poyezdi yo‘lga chiqdi. Bu port Xitoyning eng yirik savdo darvozalaridan biri bo‘lib, 400 dan ziyod xalqaro portlar bilan aloqada. Endilikda u Markaziy Osiyoga to‘g‘ridan-to‘g‘ri temiryo‘l aloqasiga ega bo‘ldi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, yangi yo‘nalish yuk tashish masofasini 800 kilometrgacha qisqartiradi. Bu esa tovar yetkazib berish muddati va xarajatlarini kamaytiradi. Mintaqaviy savdo, eksport va import hajmida o‘sish kutilmoqda. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda Xitoy kompaniyalari O‘zbekiston yerlarini «egallab olayotgani» xususidagi xabarlarga investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Izzat Qosimov izoh berdi. Uning ta’kidlashicha, chet elliklar O‘zbekistonda yer sotib olish huquqiga ega emas, yer faqat 25 yilgacha ijara asosida, ochiq auksion orqali beriladi. Sarmoya uchun ochiq va teng sharoit yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishidir. So‘nggi uch yilda Xitoy investitsiyalarining 62 foizi sanoat, 11 foizi energetika va 4 foizi qishloq xo‘jaligi sohalariga to‘g‘ri kelmoqda. Jizzaxdagi BYD avtomobil zavodi, qayta tiklanuvchi energiya loyihalari va to‘qimachilik sanoatidagi hamkorliklar bu sarmoyalarning texnologik yo‘nalishini namoyon etmoqda. Muttaxassislarning fikricha, Xitoy sarmoyalari faqat iqtisodiy manfaat emas, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, texnologiyalarni jalb qilish va mahalliy salohiyatni rivojlantirish uchun ham muhim omilga aylanmoqda. Yangi temiryo‘l tarmog‘i esa bu jarayonlarni yanada jadallashtirishi mumkin.

Mavzuga oid