
Uch nafar sudya jinoiy javobgarlikka tortildi
Bugun, 4-fevral kuni Oliy sudda o‘tayotgan matbuot anjumanida Vaqt.uz jurnalistining savoliga javoban 2025 yilda 3 nafar sudya jinoiy javobgarlikka tortilgani ma’lum qilindi.

2025 yil davomida O‘zbekistonda 3 nafar sudya korrupsion holatlar bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu haqda bugun, 4-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida o‘tayotgan matbuot anjumanida Vaqt.uz jurnalistining savoliga javoban Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari – Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Alisher Usmonov ma’lum qildi.
«Ular shu korrupsion holatlar bo‘yicha. Buni aytaylik, sud qarorini chiqarishda adolatni buzganligi, boshqa uchun emas, pora olganligi va boshqa korrupsion holatlar bo‘yicha uch nafar sudyamiz sud hukmiga ko‘ra jinoiy javobgarlikka tortildi. Ular egallab turgan lavozimidan ozod etildi va tegishli o‘sha tayinlangan jazolarni o‘tab kelishmoqda», – dedi Alisher Usmonov.





