add

Uch viloyatda yer savdosiga oid jinoyatlar fosh etildi

Bugun 11:301272 daqiqa

Toshkent, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida yer maydoni ajratish va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish bahonasida pora talab qilgan shaxslar tezkor tadbirlar chog‘ida qo‘lga olindi.

Uch viloyatda yer savdosiga oid jinoyatlar fosh etildi

Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti o‘tkazgan tadbirlar davomida Toshkent, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida yer munosabatlariga oid noqonuniy kelishuvlar amalga oshirilgani aniqlandi. Tashkil etilgan nazorat harakatlari natijasida jinoyat alomatlari mavjud bir qator holatlarga chek qo‘yildi va aybdorlarga nisbatan jinoiy javobgarlik choralari qo‘llandi.

Toshkent viloyati Ohangaron tumanida unitar korxona yuristi, muqaddam sudlangan shaxs Nurafshon shahridagi xususiy korxonaga ajratilgan 90 sotix bo‘sh yerni 250 ming dollarga «sotish»ni taklif qilgan. Shu bilan birga, kadastr idoralaridagi tanishlari orqali unda kottejlar qurilishiga ruxsat olib berishini va’da qilib, bu xizmat uchun 30 ming dollar talab qilgan. U tezkor tadbir paytida 40 ming dollar olayotganida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qashqadaryo viloyatida tuman gaz ta’minoti bo‘limi xodimi mansabdor tanishlari orqali Ko‘kdala tumanidagi davlat zaxirasidagi 1 gektar yerni 500 million so‘mga «sotish»ga kelishgan. U oldindan 20 ming dollar qabul qilib olgan vaqtda nazorat organlari tomonidan qo‘lga olingan.

Buxoroda esa muqaddam sudlangan va maklerlik bilan shug‘ullanuvchi shaxs fuqaroning 1 250 kvadrat metr maydonga ega ko‘chmas mulk toifasini o‘zgartirib, uning kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga 14 ming dollar talab qilgan. U so‘ralgan pulni olgan paytida DXX va departament xodimlari tomonidan ushlangan.

Hozirda barcha jinoyat ishlari bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, ularga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash yuzasidan surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Namanganda hokim yordamchilari yer savdosida qo‘lga olingan edi.

Teglar

Mavzuga oid