
Ukraina dronlar bilan Rossiyaning 4 ta strategik aviabazasiga hujum uyushtirdi
01.06.2025 | 18:152894
Ukraina xavfsizlik xizmati «Pautina» («O‘rgimchak to‘ri») operatsiyasi doirasida Murmansk, Irkutsk, Ryazan va Ivanovo oblastlarida joylashgan Rossiya bombardimon aviabazalariga dron orqali zarba berdi. Hujum natijasida 40 dan ortiq samolyot yo‘q qilindi.

Ukraina Xavfsizlik xizmati (SBU) 1 iyun kuni Rossiyaning strategik harbiy aviatsiyasiga qarshi katta hujumni amalga oshirdi. BBC manbalariga ko‘ra, «Pautina» («O‘rgimchak to‘ri») deb nomlangan maxsus harbiy amaliyot doirasida to‘rtta muhim aviabaza – «Olenya» (Murmansk oblasti), «Dyagilevo» (Ryazan oblasti), «Belaya» (Irkutsk oblasti) va «Ivanovo» havo maydonlari dronlar yordamida nishonga olindi.
Murmansk oblasti gubernatori Andrey Chibis hujumni tasdiqladi. Uning aytishicha, Olenegorsk shahrida portlashlar va yong‘in kuzatilgan, fuqarolarga shaharni tark etish taqiqlangan. Telegram kanallarida tarqalgan videolarga ko‘ra, dronlar Olenegorsk yaqinidagi furadan uchirilgan. Hodisa joyidan bir haydovchi qo‘lga olingan. Ushbu bazada yadroviy qurol tashiy oladigan Tu-22M3 bombardimon samolyotlari joylashgan.
Irkutsk oblastidagi Sredniy posyolkasidagi harbiy qismi ham dronlar hujumiga uchradi. Gubernator Igor Kobzev bu hududda birinchi marta shunday zarba amalga oshirilganini ta’kidladi. Hujumning asosiy ob’ekti «Belaya» aviabazasi bo‘lib, u yerda 200-gvardiya polkining Tu-22M3 bombardimon samolyotlari joylashgan.
Ryazan oblastida gubernator Pavel Malkov «Dyagilevo» aerodromiga dron hujumi bo‘lganini tasdiqladi. Bir uchuvchi qurol parchalari uy tomiga tushgan, biror shaxs jarohatlanmagan. Bu bazada Tu-95MS va Tu-22M3 samolyotlari saqlanadi.
Ivanovo bazasida esa A-50 radiolokatsion kuzatuv samolyotlari yo‘q qilingani aytilmoqda. Bu haqda rasmiylar izoh bermagan, ammo «RBK-Ukraina» manbasiga ko‘ra, SBU rahbari Vasiliy Malyuk bevosita operatsiyani boshqargan va umumiy zarar 2 mlrd dollardan oshgan.
Rossiya Harbiy kosmik kuchlari bilan bog‘langan Fighterbomber kanali yozishicha, dronlar qisqa masofadan ishga tushirilgani uchun ularga qarshi «Pansir», S-300 kabi mudofaa vositalarini qo‘llashning iloji bo‘lmagan. Kanalda «bugun Rossiyaning strategik aviatsiyasi uchun qora kun» deb baho berildi.





